Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ummatimdan kim beshta xislatni olib, unga amal qiladi yoki amal qiladigan boshqa biriga o‘rgatadi?” deb so‘radilar. “Men, yo Rasululloh”, dedim. U zot qo‘limdan ushladilar va ularni (barmoqlarim bilan birma-bir) sanab: “Harom narsalardan saqlan, insonlarning obidi bo‘lasan, Alloh senga taqsimlab bergan narsaga rozi bo‘l, odamlarning boyi bo‘lasan, qo‘shningga yaxshilik qil, komil mo‘min bo‘lasan, o‘zingga yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘r, komil musulmon bo‘lasan. Ko‘p kulma, ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) biz ummatiga turli uslublar bilan ta’lim berganlar. Shulardan biri eshituvchilarning diqqatini jalb qilish uchun oldin savol berib, keyin javob berishlaridir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu hadisda besh xislatni aytib, ularning foydalarini ham zikr qildilar.
Birinchisi. Harom narsalardan saqlan, insonlarning obidi bo‘lasan. Harom dinimiz man qilgan barcha moddiy va ma’naviy narsalardir. Masalan, shirk, odam o‘ldirish, zino, chaqimchilik, yolg‘on, xiyonat, mast qiluvchi ichimliklarni ichish, sehr bilan shug‘ullanish haromdir. Vojib amallarni uzrsiz, qasddan tark qilish ham harom hisoblanadi. Bunga farz namozlarni tark qilish, Ramazon ro‘zasini uzrsiz tutmaslik, nisob miqdorida moli bo‘laturib, zakot bermaslik, hajga qodir bo‘lsa-da, haj qilmaslik kabilar kiradi. Agar inson qaytarilgan narsalardan saqlanib, buyurilgan amallarni imkon qadar bajarsa, shubhasiz, musulmonlarning eng ibodatlisi bo‘ladi.
Ikkinchisi. Alloh senga taqsimlab bergan narsaga rozi bo‘l, odamlarning boyi bo‘lasan. Oyati karimada bunday marhamat qilingan: “Alloh (O‘zi) xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur…” (Ra’d, 26). Shunga ishongan odam qanoatli bo‘ladi. Zero, haqiqiy boylik nafs, qalb xotirjamligidir. Qancha boylar bor, hali ham boylikka to‘ymagan, qancha kambag‘allar bor, o‘ziga berilgan rizqqa rozi bo‘lib, baxtli hayot kechirmoqda. Hadisi sharifda: “Haqiqiy boylik molning ko‘pligi emas, balki nafs (xotirjamligi) boyligidir”, deyilgan (Muttafaqun alayh). Kim o‘ziga berilgan rizqqa qanoat qilmasa, o‘zini xor qiladi, qanoat qilgan esa ikki dunyoda aziz bo‘ladi.
Uchinchisi. Qo‘shningga yaxshilik qil, komil mo‘min bo‘lasan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qo‘shniga yaxshilik qilish mo‘minlik alomati ekanini xabar berdilar. Qo‘shniga yaxshilik qilishning turlari ko‘p. Salomiga alik olish, chaqirig‘iga javob berish, kasal bo‘lsa, kirib ko‘rish, unga aziyat bermaslik, xursandchiligiga sherik bo‘lish, og‘ir kunlarida yordam berish, devorini baland qilmaslik, yo‘qligida ahli va molini himoya qilish, to‘g‘ri nasihat berish kabilardir. Kishi agar qo‘shnisiga yaxshilik qila olmasa, unga yomonlik qilmasligi ham bir yaxshilikdir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Jabroil menga qo‘shnining haqlari haqida shunday vasiyat qildiki, hatto qo‘shni merosxo‘r bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qoldim”, deganlar (Muttafaqun alayh).
To‘rtinchisi. O‘zingga yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘r, komil musulmon bo‘lasan. Bu haqiqiy musulmonning xislatidir. Buni qilish bilan kishi komil musulmon bo‘ladi. Yana bir o‘rinda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha birortangiz komil mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar (Muttafaqun alayh). Komil mo‘min kishi musulmonlar o‘rtasida faqat yaxshilik tarqalishiga intiladi va birorta musulmonga ham aziyat yetishini istamaydi. Alloh taolo aytadi: “…Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz!..” (Moida, 2).
Beshinchisi. Kulishni ko‘paytirma, ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi. Kulish insonning fitratida bor xislatdir. Har kim ham kuladi, kulishda biror gunoh yo‘q. Lekin ko‘p va qattiq ovozda kulish qalbni o‘ldiradi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ko‘p tabassum qilardilar, kulishlari ham tabassumga juda yaqin bo‘lgan. Ibn Umardan (roziyallohu anhu) sahobalarning kulishi haqida so‘ralganida: “Ular ham kulishar edi, lekin qalblaridagi imon tog‘lardan ham mustahkam bo‘lgan”, deb javob qiladi. Ya’ni, ularning kulishi qalblarini o‘ldirmagan, chunki ko‘p va uzoq kulishdan doimo saqlanishgan.
Agar kulish biror kishining ustidan mazax qilish yoki behuda gaplar uchun bo‘lsa, uning ko‘pi ham, ozi ham gunohdir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Boshqalarni kuldirish uchun yolg‘on gaplarni gapirgan kishiga vayl bo‘lsin, vayl bo‘lsin va yana vayl bo‘lsin”, deganlar (Imom Ahmad, Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: “Agar men bilgan narsani bilganingizda, kam kulib, ko‘p yig‘lar edingiz”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) haqiqiy mo‘min qanday bo‘lishini shu hadisning o‘zida qisqa va lo‘nda ifodalab bermoqdalar.
“…Bas, (ey Muhammad!) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17–18).
Alloh taolo barchamizni oyati karimada madh etilgan bandalaridan qilsin!