Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo aksirishni yaxshi ko‘radi, esnashni esa yomon ko‘radi. Qachonki, biror shaxs aksirsa va “Alhamdulillah” desa, uni eshitgan musulmon zimmasida, unga “Yarhamukalloh” deyishi haq (shart) bo‘ladi. Esnash esa shayton tarafidan bo‘ladi. Qachonki, biror kimsaga esnash kelsa, imkon boricha uni qaytarsin. Negaki, inson qachon esnasa, shayton kuladi, ya’ni xursand bo‘ladi. Shuning uchunki, esnash yalqovlik va g‘aflat belgisidir. Shayton esa bu kabi ishlarni yaxshi ko‘radi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hind olimlaridan Professor Nasrulloh Xon hazratlari aytadilar: “Bir Angliyalik Doktor musulmonlarning Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamning: “Biror musulmon aksirsa va “Alhamdulillah” desa, uning yonida o‘tirgan musulmon “Yarhamukalloh” desin, aksirgan esa yana javobda, «Yahdikumulloh» desin degan xadisi shariflarini o‘qib, o‘ylab qoldi: «Bir oddiygina ish uchun shuncha duo o‘qishning sababi nima?» U tadqiqot olib bordi va shu narsa ma’lum bo‘ldiki, shuncha duo o‘qish ortiqcha, behuda ish emas, balki, Allox taologa shukrdir. Chunki, tadqiqotdan shu narsa yuzaga keldiki, ba’zan inson miyasining qon tomirida havo turib qoladi. Alloh taolo uni chiqarib yuborish uchun bir bosimni joriy qilgan. Shunday qilib, aksirish bosimi orqali, o‘sha havo burun yo‘lidan tashqariga chiqib ketadi. Agar havo chiqmay, turib qolsa, inson falaj (shol) bo‘lib qolish xavfi bo‘ladi. Shuning uchun aksirgan inson «Alhamdulillah» deyishi, Alloh taologa bu ne’mat uchun shukr qilishi kerakdir.
“Bugungi saboq” kitobidan. Muhammad Taqiy Usmoniy va bir necha hind olimlari
Abdulqayyum Komil tarjimasi