O‘simliklar dunyosi tirik organizmlarning yashashi uchun muhim vosita sanaladi. Agar yer yuzida o‘simliklar bo‘lmasa tirik organizmlar mavjud bo‘la olmasligini ilm-fan isbotlab bo‘lgan. Bu kabi qarashlar diniy manbalarda ham o‘z ifodasini topgan. Qur’on, hadislar va islom olamining tarixiy manbalarida o‘simliklar dunyosi, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, bog‘dorchilik masalalariga keng e’tibor qaratilgan. O‘simliklar quyosh energiyasidan taralayotgan nurlarni qayta ishlab, insoniyat uchun foydalisini qoldiradi. Bu holat fanda fotosintez deb ataladi. Fanda aniqlanishicha fotosintez jarayonining eng jadal sur’ati bu tong vaqtiga to‘g‘ri kelar ekan. Fotosintez jarayonining tongda aktiv ekanligi 1700 yillarda fan tomonidan aniqlangan bo‘lsa, bundan 1400 yil oldin bashariyatga yuborilgan Qur’onda (“At-Takvir” surasida), mana shu jarayon haqida ma’lumot berilgan:
17. “Qorong‘uligi bilan kirib kelgan kecha bilan qasam”.
18. “Nafas olib, kirib kelgan tong bilan qasam”.
Ushbu oyatdagi “tong (uyg‘onuvchi) nafas oluvchi” jumlasi aynan fotosintez jarayonining tongda aktiv ekanligiga dalolat qiladi. 1400 yil avval insonlar, o‘simliklarning quyosh energiyasidan foydalangan holda kislorod ishlab chiqarishi haqida hech qanday tasavvurga ega emas edilar.
Ma’lumki, o‘simliklar dunyosi inson hayotida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun o‘simliklarning eng yirik turi hisoblanmish daraxtlar, insonlarning barcha ehtiyojlari uchun xizmat qilishi, fan sohalaridan bazga ma’lum. Xususan, Qur’onda ham daraxtlar haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Olib borilgan izlanishlar natijasi shundan dalolat qiladiki, barchasi bo‘lib daraxtlar haqida Qur’onning 40 ta joyida ma’lumot berilgan. Mana shu oyatlarning 20 tasi “xurmo” daraxti haqida ekanligi e’tiborga molik.
Islom manbalari o‘simliklar dunyosiga to‘xtalar ekan, daraxtlardan tashqari bir qator o‘simliklar haqida ma’lumotlar beradi. Misol uchun Qur’onda bir qator o‘simlik turlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Masalan ulardan biri Mann daraxti.
Mann asal daraxti. Oromiy tilda Mann arab xalqlari daraxtlar atrofida pishib yetilgan oppoq unni ko‘rib unga qarata “Mann” ya’ni “nima bu?” deb murojaat qilganlar. Mann shirinligi ikki xil o‘simlikdan ya’ni “haj” va “shavkur jamal” o‘simliklaridan olinadi. Ushbu o‘simlikning bo‘yi 3 fut, ildizi esa 15,20 futgacha bo‘ladi. Mann shirinligi haqida Qur’oni Karimning 3 ta joyida ma’lumot berilga, jumladan: “…Va ularga bulutni soyabon qildik, mann va bedanalarni nozil qildik” (A’rof, 160-oyat).
Xurmo daraxti. Qur’oni Karimning 8 ta joyida yolg‘iz va 12 joyida boshqa mevalar qatorida (uzum, anor va h.z.) zikr qilingan. Tarixiy ma’lumotlarga asosan insoniyat xurmo daraxtidan azaldan foydalangan. Bundan 6000-8000 yillar ilgari xurmo daraxti Mesopatamiyada xonakilashtirilgan degan ma’lumotlar bor. Uning poyasini qadimda qurilish ashyosi, barglarini esa gilam, yelpigichlar yasashda ishlatishgan. Qadimgi arab qabilalari o‘zaro urush paytida dushman tomonning xurmo bog‘larini kesib tashlashga harakat qilishgan. Shundan ko‘rinib turibdiki, arablar uchun xurmo daraxti eng muhim o‘simliklardan biri bo‘lgan. Musulmonlarning “Banu Nadir” qabilasi bilan bo‘lib o‘tgan jang paytida, musulmonlar harakatlanish oson bo‘lishi uchun xurmo daraxtlarini yulib tashlashga majbur bo‘lganlar. Ammo ular bu ishni iztirob bilan amalga oshirganlar. Olimlarning aniqlashicha xurmo daraxti bir qator kasalliklarga shifo hisoblanadi. Xususan, u yurakning bir maromda ishlashini ta’minlaydi, xotirani o‘tkirlashtiradi, astma kasalligiga davo hisoblanadi. Ko‘z kasalliklariga shifo hisoblanadi. Xurmo daraxtining mevalari homilador ayollarga foydasi juda katta hisoblanadi.
Zaytun o‘simligi. Ushbu o‘simlik Qur’oni Karimning 6 ta joyida kelgan. Ma’lumki, balandligi sakkiz metrgacha bo‘lgan zaytun o‘simligi, o‘rta yer dengizi davlatlarining barchasida parvarishlanadi. Qadimda zaytun moyi chiroqlar uchun mash’ala sifatida ishlatilgan. Zaytun moyining tiniq yonishi haqida “Nur” surasining 35-oyatida shunday ma’lumot berilgan: “… U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun daraxti (moyi) dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan), garchi unga olov tegmasada, (atrofni) yoritib yuborgudekdir”…
Zaytun moyi tibbiy nuqtai nazardan ham foydali daraxt hisoblanadi. Abu Ali Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari”da ta’kidlashicha zaytun moyi oshqozon kasalliklari va o‘n ikki barmoqli ichak kasalliklariga davo hisoblanadi.
Uzum. Qur’oni Karimning 12 ta oyatida uzum haqida ma’lumot berilgan. Qur’oni Karim qissalariga asosan musallas, ya’ni spirtli ichimliklar tayyorlash uchun parvarishlangan. Islom dini paydo bo‘lganidan so‘ng Arabiston yarimorolida uzum parvarishlash ancha kamaygan. Islom ta’limoti spirtli ichimliklarga ta’qiqni joriy qilganidan so‘ng uzum yetishtirish va musallas tayyorlash ishlari, xalifalik yerlarida ancha tartibga solindi. Ma’lumki may ichishning man etilishi bir oyat bilan hal qilingan emas, balki u uch bosqich bilan ta’qiqlangan: Umar ibn Xatttob roziyallohu anhu va ba’zi boshqa sahobalar may aql va boylikni ketkazuvchi ofat ekanidan Payg‘ambar alayhissalomga shikoyat qilganlaridan keyin “Baqara” surasining mazkur oyati vahiy qilingan. Ikkinchi bosqich Abdurahmon ibn Avf mast holda imomlik qilganlarida, oyatni qo‘pol ravishda buzib qiroat qilgan. Shundan keyin “Niso” surasining 43-oyatida mast holatda namozga yaqinlashmaslik buyurilgan. Uchinchi va oxirgi bosqich Atbon ibn Molik degan sahobaning uyida ziyofat paytida mast bo‘lib qolgan mehmonlar o‘zaro janjallashib qolganlar. Shundan keyin Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Allohga iltijo bilan: “Ey Allohim, may to‘g‘risida keskin bir hukm nozil et!”, deb duo qilganlarida “Moida” surasining 90-oyati bilan may ichish qat’iy man etilgan. Bu holat musulmon askarlari uchun ancha foydali bo‘ldi. Sababi ular musulmon bo‘lmaslaridan oldin musallasni ko‘p iste’mol qilar edilar. Hozirgi kunda uzumning 8000 dan ortiq turi Yevropa mamlakatlarida yetishtiriladi.
Anor. Anor daraxti haqida Qur’oni Karimning 3 ta oyatida ma’lumot keltirilgan. Bular “Ar Rahmon” surasi 68-oyati va “An’om” surasi 99 va 141-oyatlar. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra anor daraxti Muso alayhissalom davrlarida Suriya, Falastin va Livan mamlakatlarida ekilgan. Arxeologlar Misrdagi qazilmalar jarayonida qabrda anor rasmi tushirilgan suratni topishgan. Bundan tashqari tarixiy ma’lumotlarga asosan misrliklar qadimda anordan “shedu” nomli ichimlik tayyorlashgan. Anor daraxtining vatani Eron hisoblanadi. Natriy, riboflavin, tiamin, niatsin va “S” vitaminiga ega bo‘lgan anorning tibbiyot jihatdan foydali tomonlari ko‘p. U yuqori qon bosimini tushirishda, diareyaga qarshi qo‘llanilgan. Anorning nafaqat mevasi, balki po‘sti ham davo ekanligini olimlar o‘z asarlarida keltirib o‘tganlar. Hususan arab qabilalari jangdan so‘ng yarador askarlarning yaralarini anor po‘stlog‘i bilan bog‘langanliklari haqida ma’lumotlar bor. Eronlik olim Muhammad Yusuf Al Shirvoniy o‘zining “Tibbnoma” asarida, anor haqida quyidagicha to‘xtaladi: “Homilador ayollarga echki bolasining go‘shti va anor sharbati beriladi. Chunki homilador ayolga hamisha musaffo hid va tarxun hidi kerak. Homilador ayolga nok, olma va anor foydalidir.
Kafur o‘simligi. O‘zimizning tilda “xina” dir. Qur’oni Karimninig “Inson” surasi 5-oyatida mana shu o‘simlik haqida ma’lumot beriladi. Bundan tashqari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mayitni kafanlashdan oldin uni “xina” suviga yuvishga buyurganlar. Arab davlatlarida xinani oltinga tenglashtirilgan.
Zanjabil o‘simligi. Qur’oni karimning “Inson” surasida ushbu o‘simlik haqida oyat bor. Ushbu o‘simlikning vatani Hindiston, Janubiy Sharqiy Osiyo va Xitoy, Arabiston yarim oroliga zanjabil o‘simligi Hindistondan keltirilgan. Qadimda zanjabil o‘simligi tibbiyotda keng qo‘llanilgan. Hususan zanjabil harorat ko‘tarilganda uni tushiradi, ishtahani ochib, insonga tetiklik baxsh etadi. Shuning uchun ham mana shu o‘simlikni arablar taomlarga qo‘shib iste’mol qilishni xush ko‘rganlar.
Sarimsoq, bodring, mosh, loviya, piyoz.
Ushbu o‘simliklar haqida “Baqara” surasining 61-oyatida ma’lumot bor. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sarimsoq yeb masjidga kelishni ta’qiqlaganlar. Sababi insonning og‘zidan badbo‘y hid kelishi, boshqa namozxonlarga noqulaylik keltirishi mumkinligi ta’kidlangan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yangi bodring yeyishni xush ko‘rganliklari haqida rivoyatlarni Imom Buxoriy va Muslim hadislarida uchratish mumkin.
Qovoq. Ushbu o‘simlik haqida “Soffat” surasining 146-oyatida ma’lumot berilgan. Ushbu oyatlar mazmunida Alloh taolo Yunus alayhissalomning nahang tomonidan yutib yuborilishi, so‘ngra uning qornidan butun chiqishi va quruqlikda uning ustiga Alloh taolo soya bo‘lishi va uning qorni to‘q bo‘lishi uchun Qovoq daraxtini o‘stirib qo‘yganligi bayon qilingan. Olimlarning aniqlashicha qovoq ancha vaqtgacha insonni to‘q tutish xususiyatiga ega ekan.
Hantal o‘simligi. O‘zbek tilidagi “achchiq qalampir” Qur’oni Karimning ikkita oyatida zikr etilgan. Bu o‘simlik haqidagi oyatlarni “Anbiyo” surasi 47-oyati va “Luqmon” surasi 16-oyatlarida uchratish mumkin.
Dariy o‘simligi. Qur’onda nomi keltirilgan ushbu zaharli o‘simlik jahannam mevasi hisoblanadi. Bu haqida “G‘oshiya” surasining 6-7-oyatlarida ma’lumot beriladi.
Daraxtlar. Tadqiqotlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, Qur’oni Karimda ko‘pgina daraxtlar o‘z nomi bilan emas balki “Shajara” nomi ostida tavsiflangan. 18 ta suraning 24 ta joyida “shajara” so‘zi orqali daraxtlar haqida ma’lumot berilgan:
“O‘ng taraf egalari. O‘ng taraf egalari nedir?! Ular tikansiz sidrzorlardadirlar”.
Sidr xushbo‘y hidli buta bo‘lib, arablar uni hidi uchun yaxshi ko‘rar edilar. Ammo tikani juda ko‘p bo‘ladi. Oyati karima tushgan paytida ba’zi soddaroq kishilar: “kishiga ozor beradigan bu tikanli buta jannatda nima qiladi”, degan fikrga ham borgan ekanlar.
Salim ibn Omirdan rivoyat qilinadi: “Bir kuni sahroi arab kirib keldida: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo odamlarga ozor beradigan daraxtni jannatda zikr qilibdi?”, dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi daraxtni?”, deb so‘rabdilar. U kishi: “Sidrni. Uning ozor yetkazadigan tikani borku?”, debdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo: “Tikansiz sidrzorda” deganku! Uni tikansiz qilgan Zot har bir tikani o‘rniga meva chiqaradi. U mevadan bir biriga o‘xshamagan 72 xil taom bo‘ladi”, dedilar.
“Voqyea” surasidan:
29. “Sermeva bananzorlardadir”.
30. “Va yoyilgan soyalardadirlar”.
31. “Va oqar suvlardadir”.
32. “Va serob mevalardadirlar”.
33. “Tugamaydigan va ma’n qilinmaydigan”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gapirayotganlarida qishloqdan kelgan bir kishi bor edi. “Jannat ahlidan bir kishi Allohdan ekin ekishga izn so‘raydi”, dedilar, Nabiy sollallohu alayhi vasallam, shunda Alloh taolo unga: “Senga xohlagan narsang muhayyo emasmi?!” dedi. U: “Ha, barcha narsa muhayyo, lekin men ekin ekishni, u tezda unib, o‘sib meva berib yetilishni, uni yig‘ib olishni va tog‘day xirmon qilishni yaxshi ko‘raman”, dedi. Alloh taolo unga: “Ma ola qol! Seni xech narsa to‘ydirmaydi”, shunda haligi qishloqdan kelgan kishi: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha odam qurashiy yoki ansoriy bo‘lsa kerak, chunki ular dehqonchilik qiladi, lekin biz dehqon emasmiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar (Buxoriy rivoyati).
Ibn Zayd hadis aytadi: “Bir kishi: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jannatda xurmo bormi? Chunki men xurmoni yaxshi ko‘raman”, dedi. “Ha, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, undagi xurmoning tanasi oldindan, pastki qismi ham oltindan, shoxlari ham oltindan, mevalari ko‘zadan katta, yog‘dan yumshoq va asaldan lazzatliroqdir”, dedilar u zot (Ibn Vahb rivoyati).
Abdurazzoq zikr qiladi: “Bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib jannat xususida so‘radi. Rasululloh unga havuz haqida gapirdilar. U: “Jannatda mevalar bormi?”, dedi. “Ha, u yerda “Tubo” degan daraxt bor”, dedilar. U: “Ey Rasululloh, yerdagi qaysi daraxt unga o‘xshaydi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Sening yeringda unga o‘xshaydigan daraxt yo‘q. Shom borganmisan? U yerda Javzo degan daraxt bor, novdalari pastidan o‘sib, yuqorisida quyuq bo‘lib yoyilgan”, dedilar. A’robiy: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qalinligi qanday?”, dedi. “Uning qalinligi, agar besh yoshli baquvvat tuya uni aylanish uchun yursa, oxiriga yetmay, charchoqdan sillasi quriydi”, dedilar. Keyin: “U yerda uzum bormi?”, deb so‘radi. U zot: “Ha” dedilar. U: “Bir bosh uzumning kattaligi qanday?” U zot: “Uchqur chavandozning tinmay yuradigan bir oylik masofasigacha”, dedilar.
Mevalar. Qur’oni Karim ularning ba’zi turlarlari haqida ma’lumot berishdan tashqari, “Fakiha” so‘zi orqali ular haqida 21 suraning 35 ta oyatida ma’lumot beradi. Jumladan: “Va ular xohlagan mevalar bilan” (Voqyea, 20-oyat).
“Sizga u yerda ko‘plab mevalar bor, ulardan yersizlar” (Az-Zuxruf, 73-oyat).
Don o‘simliklari. Qur’oni Karimda Alloh ularning turlari haqida to‘xtalmagan bo‘lsa ham ular haqida 9 ta suraning 12 ta joyida ma’lumot bergan, jumladan Baqara surasining 261-oyatida shunday bayon qilinadi: “Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli, xuddi bir dona donga o‘xshaydi. Undan yetti boshoq o‘sib chiqadi, har boshoqda yuztadan don bor”.
Ziroat ekinlari. Qur’oni Karimda ziroat ekinlari haqida yetarlicha ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin. Xususan, 9 ta suraning 9 ta oyati mana shu ziroat masalasiga bag‘ishlangan. Sababi qadimdan Arabiston yarim orolida ziroat ekinlarini parvarish qilish urf bo‘lgan.
“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi Ilhomjon Madaliyev tomonidan, manbalar asosida tayyorlandi