Bosh sahifa » Maqolalar » Dehqonchilik fazilati

Dehqonchilik fazilati

Dinimizda dehqonchilik, yerni obod qilish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Dehqonchilik ulug‘, fazilatli amaldir. Ko‘plab oyati karimalarda bog‘lar va dalalarning hosili Alloh taoloning izni va irodasi bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa dehqon va bog‘bonlarning mehnati Allohning ostida ekaniga va Alloh taolo ularga ko‘makchiligiga dalolat qiladi. Zero, dehqonchilik ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki dehqonchilikka nazar solinsa, bu kasb insonning qalbini Alloh taoloning toatiga yaqin qiladi. Dehqon odam urug‘ni ekadi. Osmondan yomg‘ir yog‘ishini Alloh taolodan so‘raydi. So‘ng, o‘sha ekkan urug‘idan o‘simlik unib chiqishidagi Alloh taoloning qudratiga guvoh bo‘lib turadi.

Bu bilan dehqonda ikki sifat – Allohga iymon va tavakkal jamlangan bo‘ladi. Chunki, dehqonchilikda, boshqa kasblardan ko‘ra tavakkal ko‘proq bo‘ladi. Yerga urug‘ ekildi, endi qolgani Allohdan, dehqon odam shunga tavakkal qiladi. Qalbi Alloh taologa doim bog‘lanib turadi.Shuning uchun ham ba’zi ulamolarimiz dehqonchilikni eng afzal kasb deganlar.
Yer yuzida ekin ekish, dehqonchilik qilish rizq topishning eng yaxshi vositadir. Inson halol rizq talabida kasb qilishi, uning azizligini ziyoda qiladi.

Molik ibn Dinor rahmatullohi alayh aytadilar:

قرأت في التوراة : طوبى لمن أكل من ثمرة يديه

Tavrotda: ”Qo‘l mehnati mevalaridan yeydigan kimsaga tubo bo‘lsin”, deyilganini o‘qidim deganlar. Tubo degani jannat ismlaridan biri yoki jannatdagi bir daraxt yoki xursandchilik, ko‘z quvonchi deyilgan. Tavrotda qo‘l mehnati orqali rizq talab qilgan bandaga ana o‘sha tubo va’da qilingan ekan.

Alloma Movardiy r.a. aytadilarki: “Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi: dehqonchilik, tijorat va hunarmandchilik. Mening nazdimda dehqonchilik eng pokizasi va eng afzalidir”, deganlar.

Chunki, dehqonchilikda Alloh taologa tavakkal qilish ko‘proq bo‘ladi va yer yuzidagi insonlar va boshqa jonzotlar rizqiga sabab bo‘lish bo‘ladi. Shu sababdan eng afzal kasb hisoblanadi. Bundan tashqari yer yuzida ko‘karib turgan daraxtlar borki, Alloh taologa sajda qiladi, o‘z xoli, tili bilan tasbeh aytadi. Qur’oni Karimda Alloh taolo bu haqida bunday marhamat qiladi:
“O‘t o‘lan ham, daraxtlar ham sajda qilurlar” (Ar Rahmon, 6 oyat).

Kim ko‘chat, daraxt eksa, yer yuzida Alloh taologa sajda qiladigan daraxt sonini ko‘payishiga sabab bo‘lgan bo‘ladi.

Dinimizda daraxt ekishning fazilatlaridan biri shuki, dunyoda solih amallar qilgan mo‘’min bandaga jannatda uning uchun mukofot tarzida daraxt ekilishidir.

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « من قال سبحان الله العظيم وبحمده ، غرست له نخلة في الجنة » ، وفي رواية ” شجرة “

“Jobir r.a.dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki “Subhanallohil a’zim va bihamdihi” desa, jannatda u uchun xurmo (bir rivoyatda daraxt) ekiladi.
Daraxt ekish juda ulug‘ ishki, nafaqat dunyoda balki jannatda ham ekiladi va bu bandaning solih amaliga jannatda mukofot tarzida beriladi.

Har bir ummat qiyomat kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan umid qiladi. Ummat borki, bu uning orzusidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan qiyomat kunida ummatlarini shafoat qilishlikni so‘raganlar va Alloh taolo u zotga shafoat iznini qiyomatda beradi. Kimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoat qilsalar, u albatta jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z shafoatlariga oladigan kimsalarining adadini ham Alloh taolodan so‘raganlar, bu haqida:

قَالَ بُرَيْدَةُ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: إِنِّى لأَرْجُو أَنْ أَشْفَعَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَدَدَ مَا عَلَى الأَرْضِ مِنْ شَجَرَةٍ

Burayda r.a. aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim”, dedilar: “Albatta men qiyomat kunida shafoat qilmoqligim yer yuzidagi daraxtlar adadicha bo‘lishligini umid qilaman”.

Bu degani yer yuzida qancha daraxt ko‘p bo‘lsa, qiyomat kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

Qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tarafidan izn berilgan shafoatning adadi yer yuzidagi daraxtlar adadicha ekan, ummatman degan kimsa, albatta, biror ko‘chat, daraxt ekmasligi mumkin emas.

Yerda ko‘chat ekish, ekin ekish shu darajada fazilatliki, kimga qarashli bo‘sh yeri bo‘lsa, albatta unga biror narsa ekishi talab qilinadi.

عن جابر ان رسول اللّه (ص) قال : من كانت له أرض فليزرعها أو ليمحنها أخاه

Sahoba Xuzayma ibn Sobitning bo‘sh yerlari bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: Ey, Xuzayma! Mana bu yeringizga ko‘chat ekib qo‘ying dedilar. Shunda, Otam: Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi dedilar. Shunda, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yo‘q, unday qilmang, bo‘sh turgan bu yeringizga, albatta, ko‘chat eking deb, o‘zlari birga o‘sha yerga ko‘chat ekdilar”.

Hazrati Umar roziyallohu anhu bo‘sh turgan yerni ko‘rib, ko‘chat ekishga buyuribgina qolmay balki o‘zlari ham ko‘chat ekishda ishtirok etganlar.

Dinimizda ekin, ko‘chat ekish, dehqonchilik bilan shug‘ullanishning hukmi farzi kifoyadir. Ba’zilar ado qilsalar, qolgan insonlardan soqit bo‘ladi. Agar hech kim qilmasa, barcha odamlar birdek gunohkor bo‘ladilar. Yer yuzida ekin, ko‘chat ekish, dehqonchilik qilishning farzi kifoya bo‘lishi insonlar va boshqa mavjudotlarning rizqi unga bog‘liq bo‘lganligi uchundir.

Yer yuzida ilk bor qilingan mehnat ham aynan dehqonchilik bo‘lgan. Xabarlarda keladiki, Odam alayhissalom jannatdan yer yuziga tushirilganida, Jabroil alayhissalom bug‘doy olib kelib, yerga ekishga buyuradi. Odam alayhissalom bug‘doyni yerga ekkan, sug‘organ va hosilni yig‘ishtirib olganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

من خير أعمالكم الحرث والغنم، وهو من عمل الأنبياء، وصاحب الحرث يؤجر في كل ما أصيب منه بعمله

Ya’ni: “Sizlarning kasblaringizning eng yaxshisi yer haydash (dehqonchilik) va qo‘y boqishdir. U payg‘ambarlarning amalidandir. Yer haydovchi dehqon o‘zining amali tufayli yetgan har bir narsa uchun ajr oladi”, dedilar.

Yana boshqa hadisi sharifda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

لما خلق الله المعيشة جعل البركات في الحرث والغنم

Ya’ni: “Alloh taolo maishat tiriklikni yaratganida, butun barakani yer haydash va qo‘y boqishda qildi”, deganlar.

Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«تصدقوا ولا تحقروا »

“Sadaqa qilinglar va past sanamanglar” dedilar.

قالوا : على من يا رسول الله ؟

Sahobalar: “Kimlarga sadaqa qilaylik, Ey Allohning Rasuli!”, deyishdi.

قال : « على الناس : الأسير ، والمسكين ، والفقير »

Shunda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga, asirga, miskinga va faqirga sadaqa qilinglar!” dedilar.

قالوا : فأي أموالنا أفضل

Sahobalar: “Mol mulklarimizning qaysi biri eng afzali?”, dedilar.

قال : « الحرث والغنم »

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yer haydash ya’ni (dehqonchilik) va qo‘y boqish”, dedilar.

Alloh taolo inson tirikligini halol rizq topish yo‘lidagi say’-harakatlariga bog‘ladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ummatlarini ko‘chat ekishga, dehqonchilik qilishga targ‘ib qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida:

” أُطْلُبُوا الرِزْقَ في خَبَايا الأَرْضِ” (رواه الطبراني)

ya’ni: “Yerda ekin-tekin qilib rizq-ro‘zingizni talab qilingiz”, deganlar.

Sahihaynda rivoyat qilingan hadisda esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

” مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ ” (رواه البخاري و مسلم)

ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa, yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan unga sadaqa qilganlik savobi bo‘ladi”, deganlar.
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu targ‘iblariga go‘zal amal qilganlar. Abu Dardo roziyallohu anhu Damashq ko‘chalarining birida ko‘chat ekayotgan edilar. Bir kishi o‘tib qolib, u kishiga:

أتفعل هذا وأنت صاحب رسول الله صلى الله عليه وسلم؟

“Nega bu ishni qilyapsiz, axir siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda Abu Dardo roziyallohu anhu:

لا تعجل علي سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: ” من غرس
غرساً لم يأكل منه آدمي ولا خلق من خلق الله عزوجل إلا كان له صدقة “

“Sen shoshma, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim bir ko‘chat eksa, undan biror odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitganman”, debdilar (Ahmad rivoyati).

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

سَبْعٌ يَجْرِي لِلْعَبْدِ أَجْرَهُنَّ وَهُوَ في قَبْرِهِ بَعْدَ مَوْتِهِ مَنْ عَلَّمَ عِلْماً أَوْ أَجْرَى نَهْراً أوْ حَفَرَ بِئْراً أوْ غَرَسَ نَخْلاً أَوْ بَنَى مَسْجِداً أَوْ وَرَّثَ مُصْحَفاً أَوْ تَرَكَ وَلَداً يَسْتَغْفِرُ لَهُ بَعْدَ مَوْتِهِ

Ya’ni: “Yetti narsa borki, ularning ajri banda vafotidan keyin qabrida holida unga borib turadi. Kim ilm o‘rgatgan bo‘lsa, yoki daryo oqizgan bo‘lsa, yoki quduq qazitgan bo‘lsa, yoki xurmo daraxti ekkan bo‘lsa, yoki masjid qurgan bo‘lsa, yoki mushafni meros qoldirgan bo‘lsa, yoki vafotidan keyin haqqiga istig‘for aytadigan farzand qoldirgan bo‘lsa”, dedilar. Mana shu yetti narsaning ichida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko‘chat ekkan inson dunyodan o‘tib, amal sahifasi yopilgandan so‘ng ham haqqiga muttasil ravishda savob borib turishini ta’kidladilar. Garchi o‘sha daraxt vaqt o‘tib o‘zga odamning mulkiga aylansa ham, ekkan odamning haqqiga savob yozilib turiladi.

Mo‘’tazid rahmatullohi alayhdan hikoya qilinadi. U kishi aytadilar:

رَأَيْتُ عَلِيَّ بْنَ أَبِي طَالِبٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ فِي الْمَنَامِ يُنَاوِلُنِي الْمِسْحَاةَ وَقَالَ : خُذْهَا فَإِنَّهَا مَفَاتِيحُ خَزَائِنِ الْأَرْضِ .

“Men tushimda Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni ko‘rdim, menga omochni uzatib turib: “buni ol, chunki, u yer xazinalarining kalitlaridir”, dedilar deganlar. Hazrati Ali roziyallohu anhu Mo‘’tazid rahmatullohi alayhning tushlarida dehqonchilik barakali kasb ekanligiga ishora qilganlar.

Dinimiz ko‘rsatmasiga asosan, dehqonchilik uchun kerakli bo‘lgan asbob uskunalarni birovlardan foydalanishlar uchun qizg‘anib uyiga olib kirib qo‘yishlikning oqibati, xorlik alomati deb qaraladi. Chunki ba’zida shunday xolatning guvohi bo‘lamiz.

Abu Umoma al Bohiliy r.a. ishlatilmasdan yotgan omoch yoki boshqa bir dehqonchilik asbobini ko‘rsalar shunday der ekanlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu (narsani, unga o‘zgalar muhtoj bo‘lib turgan bir mahalda) uyiga olib kirib qo‘ysa, albatta (o‘sha qavmning) uyiga xorlik kiradi”, deb aytganlar, dedilar.

Shuning uchun dehqonchilik asbob uskunalarini, u omochmi, ketmonmi, belkurakmi o‘zi ishlatmasa, o‘zgalar so‘rab kelganda ulardan qizg‘anmay berish, fazilat hisoblanadi va uyidan xorlik ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Qaytaga asbob, ish quroli ishlab tursa zanglamay o‘tkir bo‘lib turadi. Alloh taolo ham Qur’oni Karimning “Ma’un” surasida: “Va ro‘zg‘or buyumlarini (kishilardan) ma’n etadiganlarga vayl bo‘lsin”, degan.

Dehqonchilik qilish, ekin ekishning yana bir fazilatlaridan biri, dehqon haqqiga hatto Alloh taoloning mukarram bandalari – farishtalar ham istig‘for aytib turishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida shunday deganlar:

{ إنَّ الْمَلَائِكَةَ تَسْتَغْفِرُ لِلزَّارِعِ أَوْ لِلْغَارِسِ مَا دَامَ زَرْعُهُ أَخْضَرَ }

“Albatta, farishtalar, ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, deganlar.

Farishtalar kimning haqqiga istig‘for aytsalar, albatta, Alloh taolo o‘sha bandaning gunohlarini mag‘firat qiladi. Ekin ekuvchi, ko‘chat ekuvchi dehqon haqqiga farishtalarning istig‘for aytishlari sababli Alloh taolo uning gunohlarini mag‘firat qiladi.

Dehqon kun qizigan payt dalada halol rizq talabida ishlab badanidan oqqan terlari bilan birga gunohlari ham to‘kiladi. Daladan kelib, charchab uxlasa uyqusi ibodatga aylanadi. Agar shu charchab uxlagan holida vafot etsa shahid ketadi.

Dinimizda dehqonni, ko‘chat ekuvchini darajasi yuksaklarga ko‘tarilgan. Dunyo va oxiratda ulug‘ darajalar va’da qilingan. Yazid ibn Horundan rivoyat qilinadi, u kishi aytadilar: Abu Abdulloh shunday deganlarini eshitdim:

الزارعون كنوز الأنام ، يزرعون طيباً أخرجه اللّه عز وجل ، وهم أحسن الناس مقاماً ، وأقربهم منزلة ، يدعون المباركين

“Bundan ko‘ra yuksak daraja bo‘lishi mumkinmi? Dehqonlar, ko‘chat, ekin ekuvchilar barcha xaloyiqning xazinasi bo‘lsalar, Alloh taoloning huzurida eng yaqin bandalar qatorida bo‘lsalar, ularni dehqonlar deb emas, ey barakali zotlar deb qiyomat kuni chaqirilsalar, bundan eksak daraja bo‘lishi mumkinmi?”

Shuning uchun ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini ko‘chat, ekin ekishga shu darajada targ‘ib qildilarki, hatto, qiyomat qoim bo‘lish arafasida bo‘lsayam, imkon qilolsa ko‘chatni ekib qolishga buyurdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

إِنْ قَامَتْ السَّاعَةُ وَبِيَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ فَإِنْ اسْتَطَاعَ أَنْ لَا يَقُومَ حَتَّى يَغْرِسَهَا فَلْيَفْعَلْ

Ya’ni: “Agar qiyomat qoim bo‘lishni boshlasayu, biringizning qo‘lida nihol ko‘chat bo‘lsa, qiyomat qoim bo‘lishdan oldin uni ekishga qurbi yetsa, bas, shundoq qilsin”, deganlar.

“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi Ilhomjon Madaliyev tomonidan, manbalar asosida tayyorlandi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*