Bosh sahifa » telegram » Islomda bog‘dorchilikka berilgan ahamiyat

Islomda bog‘dorchilikka berilgan ahamiyat

Islom manbalarida o‘simliklar qatorida, bog‘dorchilik masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bog‘ barpo etish borasida islom tamadduni o‘ziga xos uslubga ega ekanligi e’tiborga molik. Islom xalifaligi davrlaridan boshlab, bog‘ yaratish masalalari xalifalarning vazifalaridan biri bo‘lib kelgan. Xalifalar o‘zlaridan yaxshi nom qoldirish uchun ham bog‘lar yaratganlar. Islom olamida ko‘kalamzorlashtirish maqsadida barpo etilgan bog‘lar o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan, ya’ni Islom bog‘larining barpo etilish tarixiga nazar tashlansa, ular o‘ziga xoslikka ega bo‘lgan.

Masalan:
– atrofi tashqi dunyodan xoli tarzda o‘ralgan;
– o‘ziga xos geometrik shakl (kvadrat yoki bir nechta kvadratlar);
– favvora yoki favvorasi mavjud hovuz;
– orasi keng ekilgan o‘simliklar;
– ekzotik va mevali daraxtlar;
– ekish savob sanaluvchi daraxtlar;
– qushlarning mavjudligi.

YUqorida qayd etilgan omillar islom bog‘larini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirga kunga qadar ba’zi Shimoliy Afrika davlatlarida saqlanib qolgan ana shu bog‘lar ilk islom davridan to hozirgi kunga qadar nabotot olamiga ularni parvarishlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining e’tibori katta bo‘lganini isbotlash bilan bir qatorda, islom manbalarida ekologik madaniyatning yuksak darajada shakllanganidan dalolat qiladi. Ushbu ma’lumot ta’kidi – Qur’oni Karimning 187 ta oyatida o‘simliklar olamining 30 turi haqida bayonot berib o‘tilgan. Bu o‘simliklarning barchasi Arabiston yarim oroli aholisi uchun tanish bo‘lgan o‘simliklar ekanligi diqqatga sazovor. Tibbiyot ilmining tarixiy va zamonaviy tadqiqotlari natijasida yuqoridagi o‘simliklarning 26 turi inson organizmi uchun foydali bo‘lgan o‘simliklar sirasiga kiradi.

Madina – xurmolari bilan mashhur shahar. Madina xurmolari ichida eng afzali “Ajva” degan xurmodir. Ajva xurmosi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p rivoyatlar vorid bo‘lgan. U jannat mevalaridan, unda shifo bor, kim yetti dona ajva xurmosidan yesa, unga sehr ta’sir qilmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaxsan o‘zlari muborak qo‘llari bilan Madinada ana o‘sha ajva xurmosini ekkanlar.

Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Nuh alayhissalom ham katta to‘fondan keyin kemadan yer yuziga tushganlarida, ilk qilgan ishlari yer yuziga ko‘chat ekish bo‘lgan. To‘fondan keyin yer yuzida ko‘p daraxtlar, o‘simliklar nobud bo‘lgan, Nuh alayhissalom ishni yerni obod qilishdan boshlaganlar.

Sahobai kiromlar yerni obod qilish uchun ko‘chat ekayotgan kimsani “Alloh taoloning ishchilaridan biri” deb ataganlar. Yer yuzida ko‘chat, daraxt, ekin ekayotgan dehqon, kimsa, yer yuzidagi Alloh taoloning ishchisi hisoblanadi. Bu esa juda katta faxrdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘n yil xizmatlarini qilgan sahoba Anas ibn Molik roziyallohu anhuning Madinada o‘zlariga qarashli xurmo bog‘lari bo‘lib, o‘sha bog‘larida mehnat qilardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari barakotidan har yili bog‘lari ikki marta hosilga kirardi. Bog‘lariga bir rayhon ekkan edilar, undan huddi mushki anbarning xidi kelib turardi, bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari barakotidan edi.

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu aytdilar: “Nabiy alayhissalom amakilari Abbosga farzandlarini ko‘chat ekishga buyurishlarini, albatta ko‘chat ekish faqirlikni ketkazishini amr etdilar”.

Mana shu hadisga qo‘shimcha qilib Muhummad Boqir r.a: “Madinaga kelgan muhojir sahobalar ekinning uchdan biri, yoki to‘rtdan biri evaziga ekin ekardilar” deganlar.

“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi Ilhomjon Madaliyev tomonidan, manbalar asosida tayyorlandi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*