Ekin, ko‘chat ekish uchun, dinimizda va’da qilingan ulug‘ ajr savobga ega bo‘lish uchun quyidagi shartlarga rioya qilish shart bo‘ladi:
1. Niyatni to‘g‘ri qilish.
Faqat dunyoviy manfaat ko‘rishni niyat qilmasdan, balki Alloh taolodan ajr savob umidida o‘zi va boshqalarning ham manfaat ko‘rishlarini niyat qilishlik.
Imom Qurtubiy “Al-Jome’ li ahkamil-Qur’an” nomli tafsirlarida aytadilar: “Har kim yerga urug‘ sepayotganida isti’ozani (“A’uzu billah…”) o‘qiganidan keyin, Voqea surasidagi:
أَفَرَأَيْتُمْ مَا تَحْرُثُونَ أَأَنْتُمْ تَزْرَعُونَهُ أَمْ نَحْنُ الزَّارِعُونَ
سورة الواقعة/63-67)
ya’ni: «Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?! Uni sizlar undirurmisiz yoki Biz undiruvchimizmi?!» oyatini o‘qisin. So‘ngra “Undirib-o‘stiruvchi, voyaga yetkazuvchi Alloh taolodir. Ey Allohim, Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam) salavotu salomlar yo‘lla, bu ekinning hosilidan bizlarni bahramand et, zararidan uzoq qil. Bizni ne’matlaringga shukr qiluvchi, lutfu ehsonlaringni zikr etuvchi bandalaringdan ayla! Ey olamlar Parvardigori, buni bizga barakali qilgin!” deb duo qilsin. Bu dehqon uchun yaxshi bo‘ladi. Bunday duo qilish ekin-tikinning qurt-qumursqa, chigirtka, qurg‘oqchilik kabi balo-ofatlardan saqlanishi garovi deyilgan. Qurtubiy bu duoni ishonchli kishilardan eshitgani va tajribadan o‘tganini aytadilar.
2. E’tiqodni to‘g‘ri qilish.
Rizq kasbdan yoki yerdan deb bilmaslik. Balki, rizqni Alloh taolodan deb bilish, yerni bo‘ysundirib bergan, ekinlarni undirib o‘stirgan Alloh taolo deb bilish.
روي عن النبي صلى الله عليه وسلم أنه قال : « لا يقولن أحدكم زرعت وليقل حرثت ؛ فإن الزارع هو الله » .
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: “Hyech biringiz “(ekin) o‘stirdim” demasin, balki “ekdim” desin. Zero, uni o‘stiruvchi (zori’) Alloh taolodir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Chunki dehqon e’tiqodini to‘g‘rilab olish kerak. U ekin ekib, suvini, o‘g‘itini beradi, chopadi, lekin ekinni undirib o‘stirish, hosilga kiritish, shaklga kiritish, rang berish, ta’m berish esa Alloh taoloning qudratidir, Alloh taologa xos ishlardir.
Alloh taolo shunday deydi: (Voqea, 63-64)
أَفَرَأَيْتُمْ مَا تَحْرُثُونَ أَأَنْتُمْ تَزْرَعُونَهُ أَمْ نَحْنُ الزَّارِعُونَ
ya’ni: “Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz (ekinlaringiz) haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?! Uni sizlar undirurmisiz yoki Biz undiruvchimizmi?!”, deydi.
Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Alloh taolo ushbu oyati karimada ekin ekish ishida bandaning ishtiroki bor, lekin, uni o‘stirish, undirishda bandaning mutlaqo ishtiroki yo‘qligini bayon qildi” deydilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansorlarning yerlaridan o‘tayotib ulardan: “Ekin ekishlaringizdan sizlarni nima to‘syapti?” deb so‘radilar. Ular: “Qurg‘oqchilik”, deb javob berishdi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q, unday demanglar! Chunki Alloh taolo: “Undirib o‘stiruvchi Zot Menman, istasam suv bilan, istasam urug‘ bilan o‘stiraman”, deb marhamat qilgan” deb yuqoridagi “Voqyea” surasidagi oyatni o‘qidilar.
3. Ekilgan ekin yoki ko‘chat birovdan zulm bilan tortib olingan bo‘lmasligi yoki birovdan zulm bilan tortib olingan yerga ekilgan bo‘lmasligi.
4. Ekin ekish, ko‘chat ekish sababli Alloh taoloning xaqqi – ibodatlar tark qilingan bo‘lmasligi yoki vaqtidan kechiktirilgan bo‘lmasligi. Ibodatlar tark qilingan holda ekilgan ekin, ko‘chat uchun banda va’da qilingan ajr savoblarga erisha olmaydi.
5. Ekilgan ekin yoki ko‘chat Alloh taolo harom qilgan narsalar bo‘lmasligi. Tamaki, giyohvand moddalar kabi narsalarni ekkan odamga xech qanday ajr savob bo‘lmaydi.
6. Ekin ekish mobaynida biror jonzotga aziyat bermaslik va zulm qilmaslik. Bunga hayvonlarni zo‘rlab, toqatidan tashqari og‘ir ishlarni bajartirish, nohaq urish, ustiga haddan ortiq yuk yuklash, torttirish kabi ishlar kiradi.
Masalan, ba’zida uchrab turadigan xolat, ekinni yig‘ishtirib bo‘lgandan keyin paykalga o‘t qo‘yib yuborish. Bu ham dinimizda qaytarilgan ishdir. Chunki, hosilni yig‘ishtirib olgandan keyin yerga o‘t qo‘yib yuborilsa, yer ustidagi mineral o‘g‘itlar kuyib, yer unumdorligi yo‘qoladi. Buguni kunda esa ekologiya, tabiyatni muhofoza qilish tashkilotlari ham bunga yo‘l qo‘ymasligining sababi ham shunda. Bu ishning yomon taraflaridan yana biri Alloh taoloning kichik, zaif maxluqotlarini kuydirish bor. Chumolimi, boshqa hashoratlarmi yerga o‘t qo‘yilganda kuyib, azoblanadi.
Sulaymon alayhissalom zamonlarida shunaqa voqyea bo‘lganida, chumolilar Alloh taologa shikoyat qilishdi. Shunda, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga vahiy yuborib: “Yer yuzida Allohga tasbeh aytayotgan qavmni nega yoqasan”, dedi. Kim Alloh taoloning biror maxluqotini kuydirib azoblasa, oxiratda uni ham Alloh taolo kuydirib azoblaydi.
7. Ekilgan ekin, ko‘chatlardagi Alloh taoloning haqqini ado etish. Ekinlarni yig‘ishtirib olgan vaqtda zakoti, ushri, xirojini faqirlar, muhtojlar va xaqdorlarga ado qilish. Alloh taolo shunday deydi: (An’om, 141)
{ وَآتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ }
“Va ekinlarning yig‘im-terim paytida haqqini beringiz”, deydi.
Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi