Bosh sahifa » Maqolalar » Islom elchisi

Islom elchisi

«Islom elchisi» boʻlmish Mus’ab roziyallohu anhu Islomga kirganida yoshgina yigit edi. U Islomida sobit tura olgan buyuk sahobalardan hisoblanadi.

Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Abu Lahab va Abu Jahllarga betma-bet tura oldi. Islomga kirganidan soʻng onasining yomon muomalasiga sabr qila oldi. Onasi uni qamab qoʻyib ovqat bermas edi. U Habashistonga dinini saqlash uchun hijrat qilganlar safida bor edi. Soʻng yana Makkaga qaytib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga Islom tarixidagi eng xatarli vazifani topshirdilar. Bu vazifa Madinai munavvarani urushsiz fath qilish edi. Mus’ab buning uddasidan chiqa oldi. Madinani urushsiz bir oʻzi fath qila oldi. Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Madinada Islom kirmagan biror-bir xonadon qolmadi», deya xabar berdi.

E’tibor beryapsizmi?! Madinada Islom kirmagan xonadon qolmagan! Bu inson qanaqangi da’vat sohibiki, Madinadagi har bir xonadonga uning da’vat sasi kirib borgan boʻlsa?! Madinadagi har bir musulmonda uning muallimlik haqqi bo’lsa?!

Bu inson qanday baxtli insonki, unga bugungi kunda oʻsha da’vat sababidan Islomga kirgan madinaliklarning musulmon avlodlaridan ham muallimligi uchun savob ulushi yetib turgan boʻlsa… Mashaalloh!

Mus’ab roziyallohu anhu bir qoʻlida bayroq boshqa bir qoʻlida qilich bilan Nabiy alayhissalotu vassalomni Uhud kuni himoya qildi. Uning bir qoʻlini kesishdi. Bayroqni boshqa qoʻliga oldi. Bu qo’lini ham kesishdi. Mus’ab roziyallohu anhu bayroqni gavdasi bilan tutishga harakat qildi. Ammo hal qiluvchi zarba uni yerga yiqitdi.

Mus’ab roziyallohu anhu dunyoda hech bir rohat koʻrmadi. Barcha yaxshiliklari oxiratga qoldi. Hatto kafanlikka kiyimlari ham yetmay izxir degan oʻsimlik bilan oyoqlarini oʻrab dafn qilishdi.

Endi biz oʻzimizni Mus’ab roziyollohu anhu bilan solishtiraylik. Biz nima xizmat qilib qoʻydikki, Alloh bizni bugungi kunda istifoda qilib turgan ne’matlarimiz ila koʻmdi. Kimlarning hidoyatiga sabab boʻldikki, da’volarimiz bu qadar yuksak. Astagʻfirulloh!

Allohim Mus’ab roziyallohu anhuni o’z rahmati bilan burkab rozi bo’lsin!

Abduqodir Polvonov

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*