Bosh sahifa » Ibrat » «Yazid haqida Allohdan qoʻrq! Alloh haqida Yaziddan qoʻrqma!»

«Yazid haqida Allohdan qoʻrq! Alloh haqida Yaziddan qoʻrqma!»

Hasan Basriy rahimahullohning gapiga Alloh taolo kuchli ta’sir kuchini ato qilgan edi. Uning gaplari insonlarning qalbiga kirib borar, sulton va voliylar huzurida haqni boʻyamasdan gapira olar edi.

Ibn Xallikon rivoyat qiladi:

«Umar ibn Hubayra Fizoriy Iroqqa voliy boʻldi. Unga Xuroson ham qoʻshib berildi. Bu voqea xalifa Yazid ibn Abdulmalikning davrida boʻlgan edi.

Voliy Ibn Hubayra huzuriga Hasan Basriy, Muhammad ibn Sirin va imom Sha’biyni chaqirtirdi. Bu 103 sanada sodir boʻldi. Ibn Hubayra ularga dedi:

– Allohning xalifasi Yazid bandalarga xalifa qilindi. Ulardan unga itoat qilishlari uchun ahd olindi. Bizdan ham eshitishimiz va itoat qilishimiz uchun ahdimizni oldi. Koʻrib turibsizki, meni bu yerga voliy qildi. U menga amr qilayapdi. Men bajaryapman, bu amrga boʻysunyapman. Sizlar shunga nima deysiz?

Ibn Sirin va Sha’biy ehtiyotkorlik bilan taqiya*li gapni gapirishdi.

Ibn Hubayra:

– Ey Hasan! Sen nima deysan? – dedi.

Hasan Basriy dedilar:

– Ey ibn Hubayra! Yazid haqida Allohdan qoʻrq! Alloh haqida Yaziddan qoʻrqma! Alloh seni Yaziddan himoya qiladi. Ammo Yazid seni Allohdan himoya qila olmaydi. Yaqinki, U senga bir farishtani yuboradi. U seni taxtingdan tushiradi. Keng qasringdan tor qabringga olib boradi. Ana shunda qilgan amaling foyda beradi. Boshqa hech narsa emas.

Ey ibn Hubayra! Agar Allohga osiy boʻlsang bilki, Alloh saltanatni din va bandalariga xizmat uchun yaratgan. Allohning saltanatida Uning dini va Uning bandalari haqida oʻylamay ish qilma! Zero Xoliqqa osiy boʻlinadigan oʻrinda maxluqqa itoat yoʻq!

Ibn Hubayra ularning ketishiga ruxsat berdi. Hasan Basriyga qolganlarga nisbatan ikki barobar mukofot berdi.

Sha’biy va Muhammad ibn Sirin:

«Pastkashlik qildik, bizga ham pastkashlik qilishdi», deyishdi.

Abul Hasan Nadviyning «Fikr va da’vat qahramonlari» kitobidan Abduqodir Polvonov tarjimasi

________________

* Taqiya- ehtiyotkorlik bilan zohiri boshqa botini boshqa gap gapirish

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*