Bosh sahifa » Allohning go‘zal ismlari » Allohning goʻzal ismlari. Al-Moʻmin (7)

Allohning goʻzal ismlari. Al-Moʻmin (7)

Moʻmin-iymon va omonlikni beruvchi.

Al-Moʻmin soʻzi Qur’oni karimning faqat bitta joyida, ya’ni «Hashr» surasining 23-oyatida kelgan. Aslida moʻmin kalimasining ma’nosi tasdiqlovchi degan soʻzni anglatadi. Bunga «Yusuf» surasining quyidagi 17-oyati dalildir. «Endi rost gapirsak ham, sen bizlarga aslo ishonmaysan». Demak moʻmin tasdiqlovchi degan ma’nodadir. Moʻmin kishi tasdiqlaydi, itoat qiladi, amaliy tatbiq qiladi. Eshitgan zahoti amalga oʻtadi. Masalan, bogʻda bir ilonni koʻrib qolding. Uni sezib qolganingni alomati qattiq hayajonga tushib, qoʻrqib, baqirishingdir. Demak, idrok qilganingni alomati hayajondir. Hayajonning alomati yo oʻsha ilonni oʻldirish yoki undan qochib ketishingdir. Harakatsiz hayajon yolgʻon hayajondir. Hayajonsiz idrok ham yolgʻon idrokdir. Idrok qildingmi, albatta, hayajonga tushib, harakatlanasan. Agar bizdan birortamiz Qiyomatning haqiqatini bilsa, albatta har bir qilgan amaliga hisob-kitob qilinishini biladi. Bilganidan keyin Allohga itoat qilishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Lekin bizning idrokimizda zaiflik borligi uchun hayajonda ham zaiflik sodir boʻladi va oqibatda tatbiqda ham zaiflik yuzaga keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Va oʻzlari eshitmasalar ham, «eshitdik» deganlar kabi boʻlmang», («Anfol» surasi, 21 oyat) deb aytgan.

Amaliyotdagi yolgʻon gapdagi yolgʻondan ham xatarliroqdir. Masalan bir doʻxtirning huzuriga borsangda, u seni muolaja qilish maqsadida tekshirib, dori yozib bersayu, sen unga e’tibor qilgani uchun rahmat aytib: «Men sizning ilmingizga lol qoldim», deb aytsangda, soʻngra u aytgan dorini sotib olmasang, demak, sen uni amaliy ravishda ilmini yolgʻonga chiqargan boʻlasan. Agar dori sotib olib, uni iste’mol qilmasang bunday muomalani hech qanday qiymati yoʻq, sen bu bilan doʻxtirning ilmiga shubha qilgan boʻlasan. Musulmonning hayotidagi eng xatarli narsa amaliyotdagi yolgʻondir. Inson hayotidagi muomalotlarda Allohning chizib qoʻygan dasturiga muvofiq yashamas ekan, u oxiratni amaliy holda yolgʻonga chiqaruvchidir. Oxiratga iymon keltirib ishonish, agar ta’bir joiz boʻlsa, 180 gradusga oʻzgartirib yuborishi kerak. Agar shu darajada oʻzgartirmasa, demak oxiratga boʻlgan ishonch yolgʻon boʻladi. Uning iymoni shakliy boʻlib, haqiqiy tasdigʻini topmagan boʻladi. Musulmon hayotidagi eng xatarli narsa tili bilan yolgʻonga chiqarish emas, balki amali bilan yolgʻonga chiqarishdir. Masalan, oxirat haq, jannat haq va doʻzax haq deydi da, lekin topadigan puli harom, ishlab chiqarayotgan narsasi harom, ribo (sudxoʻrlik) bilan aralashib yuradi! Inson bu kabi gunohlarni bajarib, qanday qilib jannat va doʻzax haq deb ayta oladi. Agar aytgani rost boʻlganida bunday harom ishlarga yaqinlashmagan boʻlar edi. Shuning uchun moʻmin degani Qur’onda kelgan narsalarni tasdiqlab, uni tatbiq qilgan va Paygʻambar alayhissalom olib kelgan narsalarini tasdiqlab, sunnatni tatbiq qilganni anglatadi. Iymon tasdiqlash va tatbiq qilish deganidir.

Lekin Alloh taoloning al-Moʻmin degan ismini qanday tushunamiz? Al-Moʻmin ismi Allohga nisbatan ishlatilganida, U Zot odamlarni omonlikda qilib, xalqidan biror kishiga zulm qilmaydi, degan ma’noni ifoda qiladi. Inson faqat Allohni Yakkayu yagona deb bilganida hamda butun ish Yakka Allohning qoʻlida ekanini bilganda xotirjam yashaydi.

«Ishning barchasi Unga qaytarilur. Bas, Unga ibodat qil va Ungagina tavakkal qil» («Hud» surasi, 123-oyat).

Al-Moʻminning yana bir ma’nosi, mazlumni panohiga olib, homiylik qilishini anglatadi. Buni anglash uchun quyidagi ramziy qissaga e’tibor bering. Qadim zamonda bir podshoh boʻlgan edi. Bir qariya toqat qila olmaydigan ishni, ya’ni yuzta xaltada yogʻoch chiqindisini yigʻishni boʻyniga yuklab olgan edi. Ikki yil ishlasa ham u miqdordagi chiqindini yigʻa olmadi. Qariya oʻldirilishiga aniq ishonib, bolalari va xotini bilan vidolashdi va vasiyatini yozdi. Bomdoddan keyin podshoh xizmatchilari kelib, podshoh vafot qilganini va uning uchun bir tobut yasashini aytishdi.

Gohida Alloh mazlumga zolimdan toʻsiq boʻlib, homiylik qiladi. Mana shu al-Moʻmin soʻzining manosidir. Bunga quyidagi oyat dalildir.

«Agar bilsanglar (aytinglar-chi), barcha narsaning podshohligi Qoʻlida boʻlgan, Oʻzi (barchaga) Homiylik qiladigan, Unga qarshi birov homiylik qila olmaydigan Zot kimdir?» («Moʻ’minun» surasi, 88 oyat).

Moʻmin kishi Allohning xulqi bilan xulqlaninglar, deb aytilgan hadis oldida va Allohning al-Moʻmin ismi oldida nimalar qilishi lozim?

Avvalo moʻmin kishining amallarini barchasi soʻzlariga muvofiq kelishi kerak. Moʻminda ikki xillilik bor. Botini, ya’ni ichki tomoni va zohiri, ya’ni ustki tomoni. Masalan, ustki tomoning qoyilmaqom, ya’ni namoz, roʻza, zakot va haj amallarini chiroyli ado etmoqdasan. Lekin botining gohida hasad, gʻiybat, takabburlik, chaqimchilik, yolgʻon, nafratlar kabi botiniy gunohga toʻlgan. Sen moʻmin sifatida aytgan soʻzlaringga ichki olaming bir xil boʻlishi kerak. Moʻmin kishini zohiri botiniga, ustki tomoni ichki tomoniga xilof boʻlmaydi. Sen Allohning xulqi bilan xulqlanishni va yuksak darajaga koʻtarilishni istasang soʻzing amalingga mos kelishi shart. Ikkinchidan, moʻmin boʻlishing uchun odamlar sendan omonda boʻlishlari ham kerak.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohga qasamki, moʻmin boʻlmaydi! Allohga qasamki, moʻmin boʻlmaydi! Allohga qasamki, moʻmin boʻlmaydi!» dedilar. «Kim, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. U zot: «Yomonligidan qoʻshnisi emin boʻlmagan kimsa», dedilar». Imom Buxoriy rivoyati.

Sen moʻmin ekanligingni tasdigʻi sifatida atrofingdagi odamlar sendan omonda boʻlishi kerak. Sen tomoningdan ularga nisbatan toʻsatdan xiyonat sodir boʻlmasligi kerak. Chunki moʻmin-musulmonlar shartlarida turadilar. Har kuni odamlar bir-birlariga xiyonat qilishayotganini eshitib qolamiz. Ba’zi shirkatlar ba’zilariga, ba’zi oiladagi er-xotin bir-biriga xiyonat sodir qilayotgani haqida eshitib qolamiz. Bunday xiyonatlar aslo moʻminning axloqiga kirmaydi.

Alloh taolo bandalar bajargan narsaga sovgʻa qilib oxiratda ular uchun jannatni tayyorlab qoʻyish bilan omonlik manbasidir.

Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning «Allohning goʻzal ismlari» nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*