Bosh sahifa » Ibrat » Nabiy alayhissalom Oʻz nafslari uchun intiqom olmaganlar

Nabiy alayhissalom Oʻz nafslari uchun intiqom olmaganlar

U zot Oʻzlariga qarshi eng odobsiz va eng adolatsiz soʻz aytilganda ham garchi, u soʻz qalblariga benihoya ogʻir botsa ham, gʻazablari junbushga kelganidan yuzlari oʻzgarib qolsa ham baribir, nafslari ustidan gʻolib kelib: “Muso (alayhissalom)ga bundan battarroq ozorlar berishgan lekin, u kishi sabr qilganlar”, deya oʻzlariga taskin berib, ketaverganlar.

Oʻshanda jangdan soʻng oʻljalar taqsim qilinayotganda ansorlardan boʻlgan bir kishi Nabiy alayhissalomning taqsimotlaridan norozi boʻlib: “Allohga qasamki, bu taqsimot Allohning roziligi iroda qilinmagan taqsimotdir!”, degan edi.

Oʻylamay gapirilgan bu soʻz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan mushriklarning aziyatlaridan-da ogʻirroq edi. Zero, bu soʻz Alloh tarafidan eng buyuk omonat uchun tanlab olingan Zotni adolatsizlikda ayblash edi. Agar Qurʼoni karimdek buyuk omonatni xalqlarga yetkazishga vazifador qilingan zot oʻz taqsimotida Alloh rizosini iroda qilmasa, bu bevosita Allohning tanlovini ham notoʻgʻriga chiqarish bilan barobar edi.

Shu bois, bu gap Nabiy alayhissalomga yetkazilganda yuzlari oʻzgarib ketdi ammo, shunda ham “Muso (alayhissalom)ga bundan battarroq ozor berishgan lekin, u kishi sabr qilganlar”, deya oʻzlarini bosdilar va haligi gapni aytgan kishiga hech qanday javob qaytarmadilar.

Darvoqe, yuqoridagi nojoʻya soʻzni aytib yuborgan sahobiyning ismi Muattib ibn Qushayr al-ansoriy boʻlib, baʼzilar uning munofiq ekanligini aytganlar. Lekin, toʻgʻrisi shuki, u kishi munofiqlardan boʻlmagan balki, Badrda qatnashgan sahobiylardan edilar. Vaholanki, ahli Badr ichida munofiqlar boʻlmagan. Boz ustiga, Nabiy alayhissalom unda qatnashgan barcha inson haqida Alloh taolo “qod gʻofartu lakum” (Batahqiq, Sizlarni magʻfirat qildim!), deya marhamat qilganligini aytganlar.

Badr ahli haqida aytilgan bu Soʻzning maʼnosi juda chuqur edi. Ular kelajakda qaysidir gunohga qoʻl ursalar ham albatta, xotimasida tavbaga hidoyat qilinishlari va Alloh taolo huzuriga moʻminlar safida boʻlgan holda borishlarini ham anglatar edi. Buning yorqin misolini Mistah ibn Asosa va Hotib ibn Abiy Baltaʼa kabi ayrim katta xatolarga tushib qolgan sahobiylar misolida kuzatish mumkin. Mazkurlarning birinchisi, ifk voqeasida Oisha (raziyallohu anho) onamiz haqlarida tarqatilgan tuhmat soʻzlarni bandachilik qilib, naql qilib qoʻygan boʻlsa, ikkinchisi Makka fathidan oldin Nabiy alayhissalomning koʻpchilikdan sir tutgan rejalarini Makka mushriklariga oʻz koʻnglida qarindoshlariga yaxshilik qilyapman, degan oʻy bilan yetkazmoqchi boʻlgan edi.

Nabiy alayhissalom yuqoridagi sahobiylarning har ikkisini ham kechiradilar. Toʻgʻri, Mistah darralanadi va mana shu ham aslida uning kechirilishi edi.

Mistah Abu Bakr (raziyallohu anhu)ning xolasining oʻgʻli edi. Abu Bakr (raziyallohu anhu) unga muruvvat koʻrsatib, yaxshiliklar qilib turardilar. Baʼzi rivoyatlarga koʻra, Mistah Abu Bakrning qaramogʻida va otaligʻida ulgʻaygan edi.

Mistah Oisha onamiz haqlaridagi gap-soʻzlarning tarqalishiga hissa qoʻshib qoʻyganligini eshitgach, Abu Bakr (raziyallohu anhu) unga boshqa infoq qilmaslikka qasam ichdilar. U kishiga yaqin boʻlgan barcha “kimki, Oisha haqidagi salbiy soʻzlarni gapirgan boʻlsa, ular bilan aloqani uzamiz va aslo yordam bermaymiz!”, deya qasam ichdilar. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:

«وَلَا يَأْتَلِ أُولُو الْفَضْلِ مِنْكُمْ وَالسَّعَةِ أَنْ يُؤْتُوا أُولِي الْقُرْبَى وَالْمَسَاكِينَ وَالْمُهَاجِرِينَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وَلْيَعْفُوا وَلْيَصْفَحُوا أَلَا تُحِبُّونَ أَنْ يَغْفِرَ اللَّهُ لَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ «

yaʼni “ichingizdagi fazl va kengchilik sohibi boʻlgan kishilar qarindoshlariga, miskin-bechoralarga va Alloh yoʻlida yurtlarini tashlab chiqqanlarga mollaridan bermaslikka qasam ichmasinlar. Balki, kechirsinlar va ularga jazo berishni tark etsinlar. Axir, Alloh sizlarni kechirishini xohlamaysizmi?!.. Vaholanki, Alloh koʻp kechiruvchi va marhamatli zotdir” (“Nur” surasi, 22-oyat).

Mazkur oyati karima nozil boʻlgach, Abu Bakr (raziyallohu anhu) “albatta, xohlayman Alloh meni kechirishini”, dedilar va suyukli qizlarining diliga ogʻriq berib, Nabiy alayhissalomni gʻam va qaygʻuga duchor etgan va oʻzlarini ham tinchlarini buzib, Oisha onamiz haqlaridagi mishmishlarni tarqatgan barchani kechirdilar va Mistahga yana yaxshilik qilishda davom etdilar.

Alisher Sultonxoʻjayev

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*