Bosh sahifa » Maqolalar » Til ofatlaridan saqlanaylik

Til ofatlaridan saqlanaylik

Islom nuqtai nazarida til Alloh taoloning eng katta ne’matlaridan biri hisoblanadi. Til – insonning jismonan kichik ammo mas’uliyat va vazifa jihatidan e’tiborga molik a’zosidir. Shuning uchun ham Qur’oni karimda Alloh taolo uni minnat qilib:

أَلَمْ نَجْعَلْ لَهُ عَيْنَيْنِ وَلِسَانًا وَشَفَتَيْنِ

ya’ni: «Axir, Biz unga ikki ko‘z, til va ikki lab paydo qilmadikmi?!» deydi. (Balad, 8-9 oyatlar).

Shunday ekan, tilning foydasi bilan birga xatari ham juda katta ekanini unutmaslik lozim bo‘ladi. Gapni til gapiradi-yu, lekin uning alamini esa boshqa a’zolar tortadi. Tilning xataridan faqat yaxshi so‘zni so‘zlash hamda sukut saqlash bilan najot topish mumkindir. Shuning uchun shariatimiz sukut saqlagan kishini ko‘plab joylarda madh qilgan va sukut saqlashga targ‘ib ham qilgan. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْروٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: «مَنْ صَمَتَ نَجَا«.

(رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim sukut saqlasa, najot topadi”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Imomi Molik R.alayh aytadilar: “Ko‘p gapiradiganlar ayollar yoki aqli zaiflar bo‘ladilar”.

Muhammad ibn an Nazr aytadilar: كثرة الكلام تذهب بالوقار “Ko‘p gapirishlik viqorni ketkazadi”.

عبد الله ابن الخياراللهم سلمنا و سلم المؤمنين منا “Ya Robbiy, bizlarni salomat qil, va boshqalarni bizdan salomat qil” ya’ni tilimizdan dilimizdan, qo‘limizdan o‘zgalarni salomat qilgin, bizdan boshqalar ozor ko‘rmasin” deb duo qilar ekanlar.

Xoris ibn Suvaytni biror kishi so‘ksa yoki noto‘g‘ri gapirsa: “فمن يعمل المثقال ذرة خيرا يره ومن يعمل المثقال ذرة شرا يره

Indamas ekanlarda mazkur oyatni o‘qib indamay ketaverar ekanlar.

Mansur ibn Al Mu’taz 40 yil davomida xufton namozini o‘qiganlaridan keyin gapirmagan ekanlar.

Rabi’ ibn Haysamning qizlari: “otajon o‘ynab kelsam maylimi?” dedi, shunda ota: “Boring mayliyu faqat yaxshi gap gapiring اذهبي قولي خيرا degan ekanlar. Ya’ni bir qizchalariga aytgan gaplari kam gap bo‘l, ko‘p gapirmagin deb tavsiya qilgan ekanlar.

Luqmon rohimahullohu ta’ala o‘g‘liga aytgan akanlar: “يا بني اذا التخر الناس بحسن كلامهم فالتخر بصمت “Ey o‘g‘ilcham, odamlar o‘zlarini ko‘p gapirishlari bilan faxrlansalar, siz esa kam gapirishingiz bilan faxr qiling” degan ekanlar.

Abdulloh ibn Muborak Sufyoni Savriyga aytibdilar: “Abu Hanifa bunchalar g‘iybatdan uzoq, hattoki dushmanini ham g‘iybat qilmaydiya, chunki u kishi aqlli, o‘zidan hasanotni ketkazishni xohlamaydilarda» dedilar.

Chunki inson gapirdimi xato qilish ehtimoli ko‘payadi, keraksiz gap gunoh bo‘lishi tayin, demak u ilojini boricha jim tursa , faqat o‘ziga kerakli gapni gapirsa, savobli gaplarni gapirsa, ana o‘sha odam najot topadi.

Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytganlar: “Kim menga ikki oyog‘i orasidagi narsaning va ikki jag‘i orasidagi narsaning (yaxshilashni) kafolatini bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.

Ikki jag‘ini orasidagi deganlari tilini tiysa, yomon gapni gapirmasa, iymon e’tiqod, savob faqat yaxshi gaplarni gapirishni kafolatini bersa, men unga jannatga kirishiga kafolat beraman, deydilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hazrati Muoz ibn Jabalga islomda asos bo‘lgan amallar haqida aytib turib: “Men senga mana shularning hammasini moliki bo‘lgan, ustidagi o‘rkachi bo‘lgan narsani aytib beraymi?” degandilar, ular: “Aytib bering” dedilar U zot sollallohu alayhi vasallam tillariga ishora Qlib: “Mana buni tiygin” dedilar. “Ey Allohning Rosuli, biz tilimizdan chiqqan narsaga xali xisob kitobimiz bo‘ladimi?” deb so‘radilar. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Onang senga aza tutgir, ey Muoz. Bilib qo‘yginki, odamlarni jahannamga yuz tuban qulatadigan narsa tilidir”, dedilar.

Shuning uchun xalqimizda: “Har na kelsa boshingda tilingdan bil” degan maqol bor. Hamma narsa tildan keladi. Shuning uchun tilni nihoyatda ehtiyot qilish kerak.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: “Tildan ko‘ra qamoqda turishga xojatliroq narsa yo‘q” deganlar.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Ikki qulog‘ingni og‘zingdan saqla. Oz gapirib, ko‘p eshitishing uchun senga bitta og‘iz, ikkita quloq berilgan”.

Islom vaqtni qadrlaydigan din. Mo‘min bandani har bir soniyasi qimmatli bo‘lish bilan birga unga sarmoya keltirish kerak, oxiratni foydasini keltirish kerak. Behuda gap ana o‘sha qimmatbaho sarmoyani, bema’ni, xech qanday manfaatsiz sarflashdan iborat bo‘ladi.

Mashoyihlarimiz aytadilarki: “Allohning zikrini qo‘yib, behuda gap bilan mashg‘ul bo‘lgan odam, javharni tark qilib, tezakni olgan bilan barobar” deydilar.

Aytilibdiki: “Subhanalloh desang, tarozing pallasi savobga to‘ladi, Valhamdulillahi vallohu akbar desang, osmon bilan yerni orasi miqdoricha seni savobingga to‘ladi, mana bu gavhar olishing uchun. Mana bunisi esa, foydasiz, behuda gap Allohning zikrini qilmay o‘tirganga deyilsa, “bo‘pti mana shuni olaman” deb tezakni olgan bilan barobar ekan.

Hazrati Ali ROZIYALLOHU ANHUdan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida aytadilarki: من حسن اسلام المرء تركه ما لا يعنيه “Insonning islomining go‘zalligi o‘ziga befoyda bo‘lgan narsani tark etishidadir”.

Shu hadisni muhaddis ulamolar va boshqa ulamolar jamlanib: “Islomning madori bo‘lgan to‘rt hadisdan biri shu hadisdir” deb ta’rif berishgan.

Hatto imom Shof’iy aytgan ekanlarki: “Shu to‘rtta hadisdan boshqa Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hadis aytmasalar ham, dunyoga yetib ortib ham qolar edi” deganlar.

Ya’ni o‘zigayam, qo‘shnisigayam oilasigayam, yurtigayam, insoniyatgayam xech qanaqa foydasi yo‘q gaplarni gapirib bekor laqqillab o‘tirish, vaqtni kesadi. Mana shunday gaplarni tark qilgan insonni, demak islomi go‘zal desa bo‘lar ekan.

Afsuski biz musulmonlar bu narsani bilmaymiz, shunday hadis borligini ham ko‘pimiz bilmaymiz.

Demak biz nima qilishimiz kerak ekan, o‘zimiz uchun befoyda bo‘lgan narsalardan, xususan befoyda gaplardan, foydasiz suhbatlardan o‘zimizni olib qochib, ilm, zikr, qur’on, elga, yurtga, xalqimizga, insoniyatga foydali bo‘lgan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishimiz kerak ekan.

Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi”, dedilar.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Odam bolasi tong ottirsa, uning a’zolarining barchasi tilga: “Bizning haqqimizda Allohdan qo‘rq! Biz senga bog‘liqmiz. To‘g‘ri bo‘lsang, to‘g‘rimiz. Egri bo‘lsang, egrimiz, deydilar”.

Haqiqat shu, tildan bir og‘iz kufr so‘zi chiqsa tamom, butun jasad kufrga aylanadi. Tildan bir og‘iz iymon so‘zi chiqsa, jasad hammasi iymonga to‘ladi. Bu narsani butun vujudimiz bilan anglab yetishimiz kerak.

Bularning barchasi keraksiz gaplarni gapirganga bo‘ladigan malomatlar, endi gapiriladigan gap yolg‘on, bo‘xton, tuxmat, chaqimchilik, dilozor gap, so‘kish, g‘iybat kabi gaplar bo‘lsachi? Endi buning javobgarligiyam azobga qolishligi ham uning miqdoriga qarab kattalashib boraveradi.

Bir ulug‘ zotdan: “Odam bolasining qancha aybi bor ekan? deb so‘rashdi. U zot aytdilarki: “Sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Men o‘zim sanaganman 8000 ta ayb bo‘ldi. Biroq bir xislat borki u barcha ayblarni berkitib turadi u xislat tilni tiyishdir” deb javob berdi.

Musulmon kishi boshqa bir musulmonning aybini ko‘rsa, uning obro‘sini to‘kmasdan, uning o‘ziga yolg‘iz holida nasihat qilishi lozim bo‘ladi. Ba’zi insonlarning “Men g‘iybat qilmayapman, bu – haqiqat”, deyishi mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida, bu o‘rinda haqiqatni gapirgani uchun g‘iybat hisoblanadi. Agar haqiqat bo‘lmaganida, tuhmat – bo‘hton bo‘lar edi.

Hadisi sharifda g‘iybat va bo‘hton haqida shunday deyilgan:

عن أَبي هريرة رضي الله عنه أنَّ رسُولَ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: «أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ»؟ قالوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أعْلَمُ، قَالَ: «ذِكْرُكَ أخَاكَ بِما يَكْرَهُ» قِيلَ: أفَرَأيْتَ إنْ كَانَ في أخِي مَا أقُولُ؟ قَالَ: «إنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ، فقد اغْتَبْتَهُ، وإنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدْ بَهَتَّهُ». (رواه مسلم).

ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: G‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Alloh va Uning rasuli biluvchiroqdir”, deyishdi. Shunda u zot: “O‘z birodaringni u yoqtirmaydigan narsa bilan zikr qilishing”, dedilar. (Shunda:) “Aytingchi, men aytgan narsa birodarimda bor bo‘lsa-chi?”, deyildi. U zot: “Agar sen aytgan narsa unda bor bo‘lsa, uni g‘iybat qilgan bo‘lasan, agar sen aytgan narsa unda yo‘q bo‘lsa, unga bo‘hton (tuhmat) qilgan bo‘lasan”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Demak, biror bir insonning ayblarini uning yo‘qlida gapirishga g‘iybat deyilar ekan. Bu ayblar uning jasadi, nafsi, axloqi, qilgan ishlari, aytgan so‘zlari, kiyinishi, uyi, oilasi, bolalari, ota-onasi, nasl-nasabi va shu kabi unga tegishli bo‘lgan barcha narsalarga aloqador bo‘lgan ayblardir. Mana shu ayblarni uning yo‘qligida zikr qilish g‘iybat hisoblanadi.

Biror kimsa haqida yolg‘on to‘qib gapirishga esa bo‘hton deyiladi. G‘iybat – gunohi kabiralardan hisoblanadi. Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “G‘iybatning gunohi kabira ekanida ixtilof yo‘qdir, shuning uchun g‘iybat qilgan kishi Alloh azza va jallaga tavba qilishi lozim”, degan.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ

ya’ni, “Ey, mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir”. (Hujurot surasi, 12-oyat)

Ushbu oyatda Alloh taolo “Ey, mo‘minlar!” deb, siz va bizga xitob qilmoqda. Demak, komil mo‘minlikni da’vo qilar ekanmiz, biz bunday gunohlardan – g‘iybat va bo‘htondan saqlanishimiz lozimdir. Aks holda, bunday kishi mo‘minlik mezonini buzib, fosiqlik qilgan bo‘ladi.

Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن أنسٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: «لَمَّا عُرِجَ بي مَرَرْتُ بِقَومٍ لَهُمْ أظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ يَخْمِشُونَ بها وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ فَقُلْتُ: مَنْ هؤُلاءِ يَا جِبرِيلُ؟ قَالَ: هؤُلاءِ الَّذِينَ يَأكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ في أعْرَاضِهِمْ!». (رواه أَبُو داود

ya’ni, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Me’rojga chiqqanimda, misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuzlari va ko‘ksilarini tirnayotgan bir qavmning oldidan o‘tdim. Shunda men: “Ey Jabroil, bular kimlar?”, dedim. U: “Bular (dunyoda) odamlarning go‘shtlarini yeb, ularning obro‘larini to‘kadiganlar”, dedi” dedilar.

Bu hadis bizga g‘iybatchining qiyomat kungi ahvoli naqadar ayanchli ekanidan darak beradi. Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:

عَنْ أَبِى بَرْزَةَ الأَسْلَمِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم «يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّهُ مَنِ اتَّبَعَ عَوْرَاتِهِمْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ وَمَنْ يَتَّبِعِ اللَّهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِى بَيْتِهِ».(رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ

ya’ni, Abu Barza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga esa imon kirmaganlar, (qalbi bilan imon keltirmaganlar) musulmonlarni g‘iybat qilmang va ularning aybini poylab-qidirmanglar! Chunki kim ularning aybini qidirsa, Alloh taolo uning aybini qidiradi va agarchi uyining ichida (odamlardan maxfiy bo‘lsa ham, uni oshkor qilib,) sharmanda qiladi”, dedilar”. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.

Muhtaram jamoat! Aslida, islom dini odamlarning aybini ochishga emas, balki berkitishga buyurgan. Bundan maqsad gunohlar tarqalishining oldini olishdir. Chunki odamlar gunohlar haqida takror-takror eshitaversa, shu ishga ularning tabiati o‘rganib qoladi va buning natijasida shu gunohlarni oddiy qabul qiladigan bo‘lib qolishadi.

Islom dinimiz odamlarni birdamlikka targ‘ib qiladi. G‘iybat va bo‘hton esa jamiyat a’zolari o‘rtasida hiqdu-hasad va adovat urug‘ini sochadi hamda ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirib, buzib yuboradi. Hatto ba’zi holatlarda bu narsa turli fitna va qon to‘kilishgacha olib borishi mumkin.

Nafaqat g‘iybat qilishning o‘zi harom qilingan, balki g‘iybatni tinglash, g‘iybat majlislarida qatnashish ham man qilingandir. Aksincha, musulmon kishining birorta birodari g‘iybat qilinayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ ابْنِ أُمِّ عَبْدٍ يَقُولُ: مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَنَصَرَهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا خَيْرًا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَ مَنِ اغْتِيبَ عِنْدَهُ مُؤْمِنٌ فَلَمْ يَنْصُرْهُ جَزَاهُ اللهُ بِهَا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ شَرًّا… (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ الْمُفْرَدِ

ya’ni, Ibn Ummu Abd (Abdulloh ibn Mas’ud) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilsa, Alloh taolo bu sababli, uni dunyo va oxiratda yaxshi mukofotlaydi. Kimning huzurida bir mo‘min g‘iybat qilinganda, uni himoya qilmasa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda yomon jazolaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).

G‘iybat qiluvchi kishi zolim, g‘iybat qilingan esa mazlum bo‘ladi. Alloh taolo qiyomat kuni mazlumning haqqini zolimdan olib beradi. Ya’ni, zolimning savobidan mazlumga olib beriladi yoki mazlumning gunohlaridan zolimga yuklatiladi. Banda qiyomat kuni o‘zining dunyoda qilgan yaxshi amallarini o‘zga kishining nomai a’molida, ayniqsa, dunyoda o‘zi yoqtirmay, o‘zi g‘iybat qilgan kishining nomai a’molida ko‘rishi qanchalar ayanchlidir.

G‘iybatning sabablari:

G‘iybatning sabablari juda ko‘p, ulardan ba’zilari quyidagilar:

  1. Achchig‘ini to‘kib solish. Bir odam boshqasining achchig‘ini chiqargan bo‘lsa, achchig‘i chiqqan uni g‘iybat qilish ila undan o‘ch olishga harakat qiladi.
  2. Tengdoshlar va hamsuhbatlarga sherik bo‘lish, ularning gapini qo‘llab quvvatlash. Tanish bilish yoki ulfatlar birovning g‘iybatini qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rishni niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha, “odamgarchilik” deb o‘ylaydi. Aslida, gunohga sherik bo‘lgan bo‘ladi.
  3. O‘z obro‘sini ko‘tarish uchun birovni ayblash. Misol uchun, “falonchi johil, fahmi yo‘q” deb, o‘zini ilmli o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi.
  4. Hasad. Odamlar bir kishini maqtayotganlari uchun hasad qiladi va uni g‘iybat qilib obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi.
  5. O‘yin kulgi va hazil. Odamlarni kuldirish va davrani qizdirish maqsadida boshqalarning kamchiligi va aybini aytib, g‘iybat qilinadi. Ba’zilar bu ishni o‘ziga kasb qilib olgan ham bo‘ladi.

G‘iybatga ruxsatli uzrlar:

  1. Zulm ko‘rish. Zulmga uchragan kishi to haqini olguncha zolimning zulmi haqida gaprish va shikoyat qilishga haqli. Imom Buhoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, haq egasining gapi bor”, deganlar.
  2. Munkarni o‘zgartirish vagunohkorni to‘g‘ri yo‘lga solish. Xususan, rahbarlarga gunoh ish qilayotganlar haqida xabar yetkazish g‘iybatga kirmaydi. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolar o‘zlariga bu kabi xabarlar kelganda g‘iybat xisoblamaganlar.
  3. Fatvo so‘rashda. Bir kishi muftiyning huzuriga kelib: “Falonchi menga zulm qildi yoki haqimni bermayapti, uni qanday qilib olsam bo‘ladi?” desa, g‘iybat bo‘lmaydi. Aybdorning nomini ham aytishi mumkin. Ammo, falon ishni qilgan odamning hukmi nima bo‘ladi, , qabilida nomini aytmay ishora bilan gapirilsa, yana ham yaxshiroq bo‘ladi. Bunga misol Abu Sufyonning xotini Hind binti Utba eridan shikoyat qilib, uni “baxil” deb ataganda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam inkor qilmaganlar.
  4. Musulmonlarni yomonliklardan ogohlantirish uchun birovni gapirish mumkin. Musulmonlarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan fosiq kishilardan odamlarni ogohlantirish uchun undagi bor gapni aytib qo‘yish mumkin. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirishga izn so‘radi. Bas u zot: “Unga izn beringlar. U o‘z urug‘ining qandoq ham yomon og‘asi yoki urug‘ining qandoq ham yomon o‘g‘li”, dedilar. U kirganda esa, unga muloyim gap aytdila. Men: “Ey Allohning Rasuli, aytgan gapingizni aytdingizu, keyin unga muloyim gapirdingiz”, dedim. “Ey Oisha! Odamlarning yomoni odamlar uning fahshidan qo‘rqib tark qilganlaridir”, dedilar.

Ulamolarimiznig ta’kidlashicha, ushbu hadisi sharifda nomi zikr qilinmasdan uning haqida so‘z ketayotgan odamning ismi Maxrama ibn Navfal bo‘lgan. Mazkur shaxs munofiq va fosiq odamlardan bo‘lgan. Shuning uchun ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning haqida o‘ziga eshittirmasdan mazammat so‘zini aytganlar. Ul zot bu bilan uning yomonligini boshqalarga bildirib, ularning undan ehtiyot bo‘lishlari chorasini ko‘rganlar.

  1. Nikoh va omonat qo‘yish masalasida birovning haqida maslahat so‘ralgan odam maslahat so‘rovchiga borini aytsa, gunoh bo‘lmaydi.
  2. Aybi laqabiga aylanib qolgan kishining laqabini aytish ham joiz. Misol uchun o‘tgan mashhur kishilar ichida A’mash/ shilpiq, va A’raj / cho‘loq laqabli zotlar bo‘lishgan.
  3. Ochiq oydin fosiqlik qilgan kishining eslanishi g‘iybat bo‘lmaydi.

G‘iybatning davosi:

Avvalo, g‘iybatchi qiladigan g‘iybati tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishini bilib qo‘yishi kerak.

Shuningdek, uning savoblari g‘iybat qilingan odamga olib berilishini, agar savobi bo‘lmasa, narigi odamning gunohlari unga olib berilishini ham bilib qo‘ysin.

G‘iybat payti bo‘lib qolsa, o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining ayblari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoliy bilsa, o‘shanga shukr qilish ila mashg‘ul bo‘lsin. O‘zini birov g‘iybat qilishini istamaganidek, o‘zi ham o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Inson farzandining jismida to‘rt javhar borki, to‘rt narsa bu javharni ketkazib turadi. Javharlar quyidagilar: 1. Aql. 2.Din. 3.Hayo. 4.Solih amal.

  1. Aqlni g‘azab ketkazadi.
  2. Dinni hasad ketkazadi.
  3. Hayoni ta’ma ketkazadi.
  4. Solih amallarni g‘iybat ketkazadi.

G‘iybatning kafforoti:

G‘iybatchi g‘iybati bilan ikki haqqa nisbatan jinoyat qilgan bo‘ladi:

  1. Alloh taoloning haqqiga, chunki, u Alloh taolo qaytargan ishni qildi. Buning kafforoti tavba qilish bilan bo‘ladi.
  2. Bandaning haqqiga jinoyat qilgan bo‘ladi. Agar g‘iybat bandaning o‘ziga yetgan bo‘lsa, g‘iybatchi uning oldiga borib, kechirim so‘rash va pushaymonini bildirishi lozim. Ulamolar: uning tavbasi to‘liq bo‘lishi uchun qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsa, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapirishi kerak, deganlar. Agar gap g‘iybat qilingan odamga yetmagan bo‘lsa, tavba qilgan g‘iybatchi uning haqiga istig‘for aytadi.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome masjidi imom-xatibi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*