Bosh sahifa » Maqolalar » Chekishni tashlash yo‘li

Chekishni tashlash yo‘li

Bir kishi Shayx Xolid Jubayrining oldilariga kelib: “Ey ustoz, men Robbimni g‘azablantiradigan barcha illatlarimdan voz kechdim, faqat chekishni tashlay olmadim”, dedi. Shayx unga: “Bu odatingdan ham qutilishni istaysanmi?” dedilar. U odam: “Albatta, ustoz, men barcha yo‘llarini qilib ko‘rdim, ammo baribir tashlay olmadim”, dedi. Shunda Shayx: “Har bir chekkaningdan so‘ng o‘rningdan turib, agar bir oz oldin tahorat olgan bo‘lsang ham yana yaxshilab tahorat olasan. Keyin ixlos bilan ikki rakat namoz o‘qiysan”, dedi. Bir necha kun o‘tib haligi kishi shayxning oldilariga xursand bo‘lgan holda keldi. Shayx undan: “Nega hursandsan?!” deb so‘radilar. U odam: “Men bir kunda o‘ttiz marta chekardim. Endi chekish uchun bittasini labimga ilashtiraman deb turganimda shayton kelib: “Nima esingni yedingmi? Bir kunda o‘ttiz marta namoz o‘qimoqchimisan?” deb vasvasa qildi. Shuning uchun bir kunda o‘ttiztani o‘rniga beshta chekdim, ikkinchi kuni uchtaga tushdi. Bir hafta ichida chekishdan butunlay qutildim”, dedi. Uning so‘zlarini eshitib turgan shayx: “Allohga qasamki, bunday bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Demak har bir chekish uchun ikki rakat nafl namoz!” dedilar.

Sizchi? Sizning ham qo‘lingizdan barcha illatlardan qutilish, chekishni tashlash, undan tavba qilish keladimi? Qutulmoqchimisiz?

Agar chekishdan qutilishingizdan maqsadingiz faqat Allohning roziligi uchun bo‘lsagina qayta chekmasligingizga kafolat. Agar uyalgandan, moddiy zararni o‘ylab, sog‘liqni o‘ylab tashlagan bo‘lsangiz yana chekmasligingizni kafolat yo‘q. Ko‘pchilik o‘sha niyatda bir necha bor tashlab, qayta yana chekvorgan. Aroq ichishmi, zino qilishmi, qimor o‘ynashmi, o‘g‘rilikmi, boshqa ko‘ngil o‘rgangan harom narsalarning barchasida bir xil ish, holat yuz bergan. Bu odamlar tajribasidan o‘tgan. Har bir narsa Alloh uchun bo‘larkan unga sabr-toqat, najot va bardoshni berguvchi Allohni o‘zi bo‘ladi.

Rivoyat qilinishicha Hazrati Muoviya roziyallohu anhu har tun kechasi tahajjud namozini o‘qir ekanlar. Bir kuni tahajjudga turolmay, odatlarini kanda qilib qo‘yganlariga xafa bo‘lib kuni bilan afsuslanib yuribdilar. O‘sha kuni tunda uxlab yotsalar tahajjud vaqtida bir odam kelib turtib-turtib: “Xoy turing, tahajjud vaqti bo‘ldi”, deb uyg‘otibdi. Shundoq uyg‘onsalar bir kishi tepalarida turibdi, uni tanimadilar. Bo‘lmasa bu zot sahoba payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vahiylariga kotib bo‘lgan kishi. “Kimsiz? Men sizni tanimadim, nega meni tahajjudga turg‘azyapsiz?” desalar. U: “Men iblisman”, dedi. Ular: “Iya, nega sen Iblis bo‘lasan, iblis bo‘lsang namozdan qoldirishni o‘rniga namozga turgazyapsan, uyg‘otyapsan?” desalar. U: “Siz kecha tahajjud namozini o‘qiyolmaganingiz uchun kunduzi bilan afsusdan yig‘lab yurganingizga Alloh taolo Sizga bir necha barobar tahajjudni savobini berib yubordi. Men uchun Sizni kunduzi bilan turolmaganingizga yig‘lab yurganingizdan tahajjudni o‘qiganingiz yaxshi ekan. Shuning uchun uyg‘otdim”, degan ekan. Alloh Qur’oni Karimning Yasin surasida: «Albatta shayton sizlarga ochiq dushmandir», deb marhamat qilgan. Shayton qanday bo‘lmasin insonni yo‘ldan ozdirish, xayrli amaldan qaytarish, jahannam sari yo‘llashda bor ilmu hunarini ishga soladi.

Ilhomjon Madaliyev,
“Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom-xatibi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*