Bosh sahifa » Allohning go‘zal ismlari » Allohning go‘zal ismlari. Al-Quddus

Allohning go‘zal ismlari. Al-Quddus

Quddus sifatining ma’nosi shuki, bu Zot har qanday ayblardan xoli, noloyiq sifatlardan munazzahdir. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O‘zigagina xosdir.

Ushbu ism Qur’oni karimda ikki o‘rinda – Hashr surasining 23-oyati hamda Jum’a surasining 1-oyatida kelgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruku’ va sajdalarida “Subbuuhun, Qudduusur Robbul malaaikati var-ruuh” (U Pokdir, Kuddusdir, farishtalar va Ruhning ya’ni Jabroilning Robbidir) der edilar”.

Imom Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyati

Demak, “Al-Quddus” sifati avvalo mutlaq pok degan ma’noni anglatar ekan.

Ba’zi o‘rinlarda jannat ham muqaddas joy deb ataladi, chunki jannat bu dunyoga xos bo‘lgan ayblardan xolidir, pokdir, u yerda takabburlik, ko‘z ojizligi, qarilik, bel egilishi, ota-onaga oq bo‘lish, yomon xotin, yetishmovchilik va kasallik degan narsalar bo‘lmaydi.

Biz Allohni muqaddas bilib, poklaymiz, ulug‘laymiz deganda nafslarimizni poklab, U Zot tomon yuzlanishga tayyorgarlik ko‘ramiz degan ma’noni iroda qilamiz. Insonning o‘z nafsini poklab, maqomini Alloh tomon yuksaltirmog‘i dunyodagi eng muhim ishlardandir.

Bir kishi qandaydir marosim yoki yig‘inga chaqirilsa, u o‘zining eng pokiza, chiroyli kiyimlarini kiyib, xushbo‘yliklar surtib, tashqi ko‘rinishini, hatti-harakatini tartibga soladi. Xuddi shuningdek, inson ham jannatda Allohning huzuriga borish, U Zotning jamolini ko‘rishga loyiq bo‘lish uchun o‘zini poklab, tayyorgarlik ko‘rishi hayotdagi eng muhim ishlardandir.

Alloh taolo pokdir, binobarin, faqat va faqat pok va toza narsani qabul qiladi. Inson uyiga mehmon taklif qilsa, hammayoqni supurib-sidirib, hovli-joyini tartibga keltiradi, chunki keladigan mehmonga o‘zini ham, uy-joyini ham chiroyli ko‘rsatishga harakat qiladi. Ammo bu insonning ko‘ziga ko‘rinadigan zohiriy go‘zallikdir, botiniy go‘zallik esa insonning qalbida bo‘ladi va uni faqat Robbimizgina ko‘ra oladi. Bir hadisi qudsiyda: “Bandam bandalarning nazari tushadigan joyni yillab toza tutdi, ammo Mening nazarim tushadigan joyni (qalbni) bir soat ham tozalab qo‘ymadi”, deyilgan. Demak, Qiyomat kuni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birga bo‘lishni istasak, eng muhim ishimiz nafsni gunoh va ma’siyatlardan toza tutishdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda Jabroil alayhissalomni “ruhul qudus” deb nomlagan, chunki bu buyuk farishta ilohiy vahiyni – oyati karimalarni payg‘ambarlarga yetkazishda har qanday aybu kamchiliklardan, nuqsonlardan xoli bo‘lgan, unutish, o‘zgartirish, o‘rnini almashtirish, qo‘shimcha qilish, o‘chirib yuborish, mubolag‘a qilish kabi ishlardan pok bo‘lgan.

Al-Quddus sifatining ma’nosi pok degan ma’noni anglatar ekan, buning yana bir hikmati shuki, Alloh taolo gunoh va ayblardan pok bo‘lsakkina amallarimizni qabul qiladi demakdir. Allohim! Seni aybu nuqsonlardan poklab yod etamiz, Senga bog‘lanish uchun nafslarimizni gunohlardan poklaymiz.

Al-Quddus sifatidagi poklash va ulug‘lash degan ma’nolarga yanada chuqurroq qarasak, buning asli tavhid ekanini anglaymiz. Banda o‘rganishi kerak bo‘lgan narsalarning eng afzali tavhiddir. Tavhid deganda ibodatda Alloh taoloning yolg‘iz O‘zini iroda qilish tushuniladi.

Al-Quddus sifatining ma’nosi Allohni insoniy sifatlarning barchasidan poklashdir. Gohida inson Allohni ota kabi mehribon yoki qozi kabi adolatli deb tasavvur qiladi. Ammo Allohning Zoti bu kabi o‘xshatishlardan yiroqdir. Inson o‘ziga yetib kelgan ilm va ong doirasida adolatni qoziga, rahmdillikni otaga nisbat beradi. Ammo Alloh taoloning sifatlari har qanday insoniy sifatlardan mutlaqo yiroqdir. Shuning uchun ba’zi ulamolar “Fikringga kelgan barcha narsada Alloh uning aksidir”, deyishgan.

Masalan, “muntaqim” (intiqom, qasos oluvchi) degan so‘z insonga nisbatan ishlatilsa, bu ijobiy bo‘lmaydi, muntaqim deb sifatlangan odamning o‘zi ham bundan mamnun bo‘lmaydi. Ammo “al-Muntaqim” Allohning go‘zal ismlaridan biri bo‘lib, zolimlarni zulmdan to‘xtatish uchun intiqom oluvchi degan ma’noni anglatadi. Zolim, gunohkor bandadan intiqom olinsa, mazlumlarga tasalli bo‘ladi, chunki zo‘ravon odamni faqat o‘lim to‘xtatadi.

Shuning uchun Allohning Zoti va sifatlarini haqiqiy ma’noda faqat Allohning O‘zigina mukammal taniydi. Hatto payg‘ambarlarning ham Allohni tanishi mutlaq emas, nisbiydir. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda “Gunohlaring uchun istig‘for ayt”, degan (Muhammad surasi, 19 oyat). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Allohga har yuzlanganlarida yangicha bir tushunchaga ega bo‘lardilar, hatto avvalgi tushunchalaridan uyalib ketardilar. Darvoqye, takbir kalimasi, ya’ni “Allohu akbar” jumlasining ko‘plab ma’nolaridan biri “Alloh sen bilganingdan ko‘ra buyukroqdir”, demakdir.

Dinning asli ma’rifatulloh, ya’ni Allohni tanishdir. U Zotni tanisang, Uning toatiga sho‘ng‘iysan.

Biz ojiz bandalar Alloh taoloning go‘zal ismlarini bilishga nihoyatda muhtojmiz, chunki bu ilm dinning asoslaridan biridir, hatto Islom aqiydasining nozik, daqiq, ammo muhim va ajralmas qismidir.

Al-Quddus ismi Allohning zotiga dalolat qiladi, shuning uchun u “ismi zot”dir, qudusiy sifatga dalolat qilgani uchun esa “ismi sifat”dir, Allohning fe’liga vasf bo‘lgani uchun “ismi fe’l” hamdir. Demak, al-Quddus ismi ham zot, ham ismi sifat, ham ismi fe’ldir.

Alloh taolo O‘z zotida muqaddasdir va barcha aybu nuqsondan xolidir, chunki U barcha kamolot sifatlari bilan vasf qilingandir. Allohning O‘zi muqaddasdir, O‘zi xohlagan bandalarini ham muqaddas qilur.

Hadisda: “Alloh bir ummatni muqaddas qilmaydi, agar zaifning haqqini olib bermasa”, deyilgan (Imom Hokim rivoyati).

Bunda ikki ishora bor.

Birinchisi shuki, Allohning qonuniga muvofiq, agar zaifga yordam bersak, zaifni qo‘llagan bo‘lamiz, uni halokatdan saqlab qolgan bo‘lamiz, natijada bunday adolatni joriy qilgan ummat doimo omon bo‘ladi.

Ikkinchi ishora tavhidga oiddir. Zaifga yordam berib, ochlarga ovqat, kiyimsizga libos ulashsak va mazlumga yordam bersak, Alloh bizni ham ana shu amalimizning jinsida mukofotlaydi, mukofotlaganda ham bizdan kuchli Zot mukofotlaydi.

Salmon Forsiy aytadilar: “Yer hech kimni muqaddas qilmaydi. Insonni qilgan amali muqaddas qiladi. Banda to‘g‘ri yo‘lda yursa, toza va pokiza bo‘lsa, botini zohiri kabi bo‘lsa, muqaddas bo‘ladi. Alloh muqaddas qilgan sog‘lom qalb deganda Alloh rozi bo‘lmaydigan shahvoniy narsani istamaydigan qalb tushuniladi. Bunday qalb bid’at aralashmagan sunnatni mahkam ushlaydi, Allohning vahiysiga zid bo‘lgan xabarni tasdiqlamaydi. Sog‘lom qalbli kishi faqat Allohning shariati bilan hukm yuritadi va Uning O‘zigagina ibodat qiladi. Ibodat ixtiyoriy toat bo‘lib, qalbiy muhabbat bilan qorishgan bo‘ladi, uning asosi kuchli ishonch bo‘lib, insonni abadiy saodatga olib boradi.

Al-Quddus sifatli Zot ibodat qiluvchi bandalarining qalbini nopokliklardan tozalab, muqaddas qiluvchidir.

Al-Quddus sifatli Zot zohidlarning qalbini dunyo muhabbatidan to‘sib, muqaddas qiluvchidir.

Usul olimlari bu ma’noning aksini aytadilar, ya’ni kim havoi nafsini Alloh chizib bergan to‘g‘ri yo‘l bilan qondirsa, gunohkor bo‘lmaydi. Masalan, shahvati ayolni tusab, unga halol nikoh bilan qovushsa, Alloh bu nikohga barakot beradi. Nafs mol-dunyoni tusab qolganda uni halol kasb bilan qo‘lga kiritsa, gunohkor bo‘lmaydi. Demak, kim Allohning al-Quddus ismini tanisa, uning ma’nosini anglasa, nafsini ham, mol-mulkini ham haromdan poklaydi, tozalaydi.

Bir olim zotni ziyorat qildim. Yoshlari 96 da ekan. Shifokorlar u kishini tekshirib ko‘rishsa, aytarlik kasallik yo‘q ekan. U zot: “Allohga qasamki, hayotimda biror harom ish qilganimni eslay olmayman”, dedilar.

Yana bir olim bor edilar, keksayib qolgan bo‘lsalar ham, qomatlari tik, ko‘zlari o‘tkir edi, quloqlari ham yaxshi eshitar edi. Buning sababini so‘rashganda u zot: “Bolam! Biz yoshlikda tana a’zolarimizni (gunohdan) muhofaza qilgan edik, shuning uchun Alloh qariganimizda ham ularni muhofaza qilib berdi”, dedilar.

Kim taqvo asosida hayot kechirsa, hayoti mazmunli kechadi, buyuk hayot bo‘ladi. Solih amallar yuzga ziyo, qalbga nur, rizqqa barakot, badanga quvvat bo‘ladi, el-yurtning muhabbatiga sazovor qiladi. Yomonlik esa yuzga xiralik, qalb va qabrga zulmat, badanga toliqish, rizqqa tanglik beradi, el-yurtning nafratiga uchratadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kishi gohida gunohlari sababli rizqidan mahrum bo‘ladi”, deganlar.

Al-Quddus ismining mohiyatini anglab yetgan odam yo‘qotgan narsasiga g‘am qilmaydi, Allohni topganidan keyin boshqa narsalarga e’tibor bermaydi.

Al-Quddus ismini bilgan odam kuch-quvvatli, boy odamga o‘zini xor qilib qo‘ymaydi, chunki mo‘min kishining sharafi tundagi o‘qigan namozi va odamlardan behojatligi bilan bo‘ladi.

Har bir mo‘min-musulmon nafsini poklab, barcha harom narsalardan o‘zini muqaddas tutmog‘i lozim. Zero, “Harom narsalardan chetlanish bilan Allohga taqvo qil, tavba qiluvchilardan bo‘lasan. Shubhali narsalarga sho‘ng‘ishdan parhez qil, pokdomon kishilardan bo‘lasan. Hayot uchun zarurat miqdoridan oshig‘ini qo‘lga kiritma, og‘ir hisob kitobdan najot topasan”, deyilgan. Katta bozorga kirsangiz, odamlarning ehtiyoji naqadar ko‘pligini ko‘rasiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim eson-omonlikda, jismi ofiyatda tong ottirsa va huzurida bir kunlik rizqi bo‘lsa, unga butun dunyo bo‘ysundirib qo‘yilgandekdir”, deganlar (Imom Buxoriy, Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Al-Quddus ismi oldidagi majburiyatimiz nafsimizni turli razolatlardan xoli qilib, poklab, musaffo holga keltirishdir.

Alloh taolo barchamizga al-Quddus sifatiga munosib pok va salim qalb nasib etsin!

Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning «Allohning go‘zal ismlari» nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*