Bosh sahifa » Maqolalar » Birovning haqqi

Birovning haqqi

YAqinda bir voqyeaniig guvohi bo‘ldim. Ikki do‘st sherikchilik asosida kichik korxona qurmoqchi bo‘lishib, o‘rtaga baravar pul tashlashdi. Ikkinchisining xorijlik sarmoyador tanishi bor ekan, uni zarur dastgohlar olib berishga ko‘ndirishdi.

Ish qizib ketdi. Shaharning qoq markazida naqshlar bilan bezangan korxona binosi tiklandi. Dastgohlar keltirib o‘rnatildi. Ishlar yurishib, mahsulot ham xaridorgir chiqib qoldi. Foyda kattalashayotganini ko‘rgan birinchi yigitni shayton vasvasa qila boshladi: “Shuncha pulni indamay anavi ikkoviga berib yuboraveramanmi? Qurilishni asosan o‘zim qilgan bo‘lsam. Pul ko‘shgan bo‘lsa, qaytararman. Mobodo, ko‘nmasa, dodini Xudoga aytsin!”

Xullas, u sherigiga pulni bo‘ltak-so‘ltak qilib qaytardi. O‘rtadagi shartni buzib, korxonaga yakka o‘zi xo‘jayin bo‘lib oldi. Mablag‘ qo‘shgan, yelib-yugurgan, xorijdan dastgoh keltirgan narigi sherik “dodini Xudoga aytib” qolaverdi…

Bozor iqtisodiyoti muammolari nafaqat kishilar turmushiga, balki ular o‘rtasidagi munosabatlarga, axloq-odobga, odamiylik ko‘rinishlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bugun kimdir sherigining o‘rtadagi mablag‘ni o‘marib ketganidan zorlanib yuribdi. Yana birovi tanishining qarz olib, bermay ketganidan fig‘oni falakda. Savdoda esa, aldamchilik, tarozidan urish, aybli molni maqtab sotish, sudxo‘rlik kabi illatlar odatiy tusga kirib boryapti. Xullas, aksariyat odamlar o‘zgalarning haqqidan ko‘rqmaydigan, hazar qilmaydigan bo‘lib qoldi. Nega shunday?

Aslida, bu yaramas illatlarning ildizlari ancha ilgariga borib taqaladi. Zo‘ravon sovetlar hukumati odamlarning yer-suvini, mol-mulkini, boyligini tortib oldi. Hamma narsa umumniki, degan shiorni zo‘r berib targ‘ib qildi. Oqibat, “birovning haqqi” degan tushuncha iste’moldan chiqdi. Hyech kim o‘zganing haqqidan cho‘chimaydigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, bolshavoylar bosqiniga kadar bu o‘lkada musulmonlarning aksari halollikda, poklikda, taqvoda, birovning haqqidan qo‘rqishda nom chiqargan edi. Ulug‘ allomalarimizning, salafi solihlarning hayotlari, amallari, ibratlari tildan tushmasdi, ularga ergashilardi. Qolaversa, birovning haqqini yegan, xaridor haqqidan urib qolgan, o‘zgani aldagan yoki zulm qilgan odamlar muqarrar jazosini olardi…

Keling, biz ham ajdodlarimizning ibratomuz fazilatlariga bir qur nazar tashlaylik.

Mazhabboshimiz Imomi A’zamning taqvolari, halolliklari, o‘zganing haqqidan hazar qilishlari haqida zamondoshlari ko‘plab voqyealarni naql etishgan. Bu zot molning nuqsonini aytishni unutib sotgani uchun savdogarlikdagi o‘ttiz yillik sheriklari Hafs ibn Abdurahmon bilan ajrashib ketganlar.

Bir kuni qo‘y o‘g‘irlanganini eshitadilar. Va kishilardan qo‘y necha yil umr ko‘rishini so‘raydilar. “Yetti yil”, deya javob qilishadi. U zot o‘sha o‘g‘irlangan qo‘yning go‘shti ovqatimga aralashib qolmasin, deb yetti yilgacha qo‘y go‘shti tanovul qilmaydilar.

Hazrati Amir Kulolning onasi aytadi: “Kulol qornimda ekan, nogoh shubhali luqma yutib qo‘ysam, ko‘kragim ostida shu qadar qattiq og‘riq turardiki, hatto hushdan ketib qolardim. Keyin ma’lum bo‘ldiki, bu hol pokiza farzandim barakotidan ekan”.

Taqvo va zuhdda, halollik va poklikda nom chiqargan bir namanganlik kishi haqida so‘zlab berishgan edi. U zot nihoyatda kambag‘al bo‘lib, mahalla ahli mablag‘ to‘plab, uylab ko‘ygan ekan. Uyi yo‘qligidan birovning hovlisida ijarada o‘tirarkan. Birin-ketin farzandlar tug‘ilgach, qo‘ni-ko‘shnilar maslahatni bir joyga qo‘yib, hashar bilan uy qurib berishibdi. Bir kuni qarashsa, u yangi hovlini tashlab, yana o‘sha eski joyiga ko‘chib kelibdi. Sababini so‘rashsa, indamabdi. Qistovga olishavergach, voqyeani aytib beribdi. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shnining bir tup o‘rigi devor osha bularning hovlisiga ham shoxlagan ekan. O‘rik pishganda to‘kilganlarini farzandi og‘ziga solganini ko‘rib, hovlini tark etib kelaveribdi. Go‘daklarining xalqumi boshqaning haqqi bilan bulg‘anishini istamabdi.

O‘tmishda bunaqa voqyealar juda ko‘p bo‘lgan. Xalqimiz birovning haqqi deb hattoki devor osha osilib turgan daraxt shoxini sindirib, tish kovlamagan, taklif qilinmagan joyga bormagan, izn so‘ramasdan kirmagan, dasturxondan hech narsani farzand-nabiralariga ilinmagan.

Ana shunday hayot kechirgan ota-bobolarning farzandlari bugunga kelib o‘zganing haqqidan qo‘rqish o‘rniga hech tap tortmay, aldov bilan birovning molini tortib olishgacha, sheriklarga xiyonat qilishgacha yetib borishyapti. To‘y-ma’rakaga borgan ayrim kishilar “bolamga, nabiramga”, deya cho‘ntaklarini konfet, pistaga to‘ldirib qaytadi. Bog‘chada, shifoxonada, bilim yurtida ishlaydiganlarning ba’zilari sumkani to‘latib ketishadi. Ayrimlar birovdan pul, buyum, mol olib, qaytarish “eslaridan chiqib” qolaveradi. Ishxonasidan u yoki bu narsani ko‘tarib ketaveradiganlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hol shunga borib yetdiki, odamlarniki qolib, Alloh taoloning bayti masjidlardan gilam, kitob va boshqa buyumlarni o‘g‘irlashdan ham hazar qilinmaydigan bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, ana shunday o‘g‘irlab, aldab yoki zo‘rlik bilan topilgan ovqatni yeb katta bo‘lgan farzandlarimiz kelajakda kim bo‘lib yetishadi? Ularning axloqi, tarbiyasi qanday bo‘ladi?

Quyidagi rivoyat bugun biz uchun yetarli saboq bo‘lar, balki.

Bir bolakay doim ayronchining ayron xaltasini bigiz bilan teshib, shimib qocharkan. Ayronchi oxiri bolaning otasiga shikoyat qilibdi.

Ota o‘ylanib qolibdi: “O‘g‘li qachon harom luqma yedi ekan?” O‘ylab o‘yiga yetolmabdi. Keyin xotinidan so‘rabdi. Xotini ham hech qachon shubhali taom yedirmaganini aytibdi. “Yo‘q, – debdi er, – faqat halol yeb o‘sgan bola hech qachon o‘g‘rilik qilmaydi. Keyin xotini o‘ylay-o‘ylay bir holni eslabdi… Homiladorlik paytida dugonasinikiga borgan, u yerda o‘sib turgan limonni ko‘rib, ko‘ngli sust ketgan, dugonasi chiqqanida ignatugma bilan limonni teshib ozgina shimgan ekan. Erga hamma narsa oydinlashibdi, xotiniga dakki berib aytibdiki: “Sening qo‘lingdagi igna bolangning qo‘liga bigiz bo‘lib qaytdi”.

Harom taomdan ulg‘aygan bola, albatta, buzuq, zulmkor bo‘ladi, unga hech qanday pand-nasihat, ta’lim kor kilmaydi, chunki haromda shayton bor, harom luqma bilan birga shaytoniy tabiat ham bolaning taniga singib boradi. Bejizga Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemanglar! (Ya’ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini harom yo‘l bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!” deb ogohlantirmagan (Baqara, 188). Abu Said Xudriyning rivoyat qilishicha esa, Hazrati Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimki halol yeb-ichsa, sunnatga muvofiq amal qilsa, odamlarga zarar yetkazmasa, jannatga kiradi”, deganlar. Ha, birovning haqqini yeyish harom ekani Qur’oni Karim va sunnati nabaviya hukmi ila sobit bo‘lgan. Kim o‘zini ularga taslim sanasa, haromdan hazar qilsin, o‘zganing haqqiga tajovuzdan tiyilsin. Shundagana Islom ummati nomiga munosib bo‘lamiz.

Ahmad MUHAMMAD TURSUN

«Hidoyat» jurnali, 2000 yil, 2-son

www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*