Bosh sahifa » Ilm » O‘zga yurt fuqaroligini qabul qilish masalasi

O‘zga yurt fuqaroligini qabul qilish masalasi

Bugungi kunda globallashuv jarayonlari, fan va texnikaning tezlik bilan rivojlanishi natijasida insonlar tarixda bo‘lmagan ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘lmoqdalar. Jumladan, bir mamlakat fuqarosi vaziyat taqozosi bilan boshqa yurt fuqaroligini osonlik bilan qabul qilmoqda. Musulmon ulamolar barcha masalalarda bo‘lgani kabi bu masalada ham shariat hukmlarini sharhlab berishgan. Zamonaviy Islom fiqhida ushbu masala “tajannus” (تجنس) deb atalmoqda. Masalaning asosiy mohiyati musulmonlarning aholisining ko‘pchilik qismini boshqa din vakillari tashkil etadigan davlatlar fuqaroligini olish borasidadir.

Albatta, boshqa din vakillari istiqomat qiladigan davlatlar fuqaroligini olishning shar’iy hukmi sharoit, vaziyat va fuqarolik olish maqsadlariga qarab belgilanadi.

Agar biror musulmonning o‘z vatanida jonini saqlash imkoni bo‘lmasa, o‘z dinini saqlash va borgan yurtidagi keng yoyilgan razil ishlardan uzoq bo‘lish sharti bilan boshqa din vakillari yashaydigan davlatning fuqaroligini olishi hech qanday karohiyatsiz joiz bo‘ladi.

Shuningdek, o‘z yurtida zaruriy ehtiyojlar uchun ishlab kasb qilish imkoniyati bo‘lmasa va zikr qilingan davlatlardan boshqa yerda buning imkonini topmagan holatda ham o‘sha davlatlar fuqaroligini olsa bo‘ladi. Chunki kasb qilish hayot uchun zarur ishlardan hisoblanadi. Shariat kasb kor qilish uchun ma’lum joyni chegaralab qo‘ymagan. Alloh taolo aytadi: “U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir”.

Musulmon kishi agar o‘z yurtida ishlab rizq topish imkoniyati bo‘la turib, dabdabali hayotni xohlab o‘zga din vakillari yashaydigan yurtlarga ketadigan bo‘lsa, bu ish karohiyatdan xoli bo‘lmaydi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki,  bunday yo‘l tutgan kishilar diniy va axloqiy me’yorlarda bir muncha kamchiliklarga yo‘l qo‘yadilar.

Bundan tashqari hech qanday zaruratsiz o‘zga din vakillari yashaydigan davlatlarda yashashga harakat qilish farzandlar tarbiyasida ham bir qancha salbiy o‘zgarishlar bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, aholisining ko‘pchilik qismini o‘zga din vakillari tashkil etadigan (bugungi G‘arb) davlatlar fuqaroligini olishdan maqsad o‘sha davlat fuqaroligini ulug‘lash yoki u bilan faxrlanish hamda uni musulmon davlatlar fuqaroligidan ustun qo‘yish bo‘lsa, bu ish mutlaqo harom hisoblanadi. Bu borada dalil keltirishga ham hojat yo‘q.

Manba: Muftiy Taqiy Usmoniyning «Buhus fi qozoya fiqhiyya muosira» kitobi asosida tayyorlandi, 329-331 betlar

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*