Bosh sahifa » Allohning go‘zal ismlari » Allohning go‘zal ismlari. Al-Malik

Allohning go‘zal ismlari. Al-Malik

Barcha narsaning Egasi

Malik – haqiqiy egadir. Undan o‘zga ega yo‘qdir. Shuning uchun bandalar faqat Unga qul bo‘ladilar. Hyech qachon bir qulning ikki xo‘jayini bo‘lmaydi. Shuning uchun banda o‘ziga o‘xshagan bandalarga emas, balki yagona Yaratganga, haqiqiy Malikka qul bo‘lishi lozim.

Haqiqiy malik zotida ham, sifatlarida ham har qanday mavjudotdan behojatdir, barcha mavjudotlar unga muhtojdir. Demak, haqiqiy malik, ya’ni barcha narsaning egasi Alloh taolodir.

Hovlining egasi, do‘konning egasi, shirkatning egasi degan so‘zlar majoziydir, chunki bularning barchasi insonga vaqtincha, omonatga berilgan, abadiy mulk qilib emas. Alloh har bir narsaning egasidir, har bir narsaga biror bandasini ega qilib qo‘yuvchidir.

Qur’oni karimda bunga shunday dalil bor:

«Allohim, ey barcha mulkning egasi! Xohlaganingga mulk berursan, xohlaganingdan mulkni tortib olursan, xohlaganingni aziz qilursan, xohlaganingni xor qilursan. Barcha yaxshilik Sening qo‘lingda. Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan» (Oli imron surasi, 26 oyat).

Aslida «malik» so‘zi egalik qiluvchi emas, hukm qiluvchi deganidir. «Mim» harfiga alif qo‘yib, «maalik» deb cho‘zib o‘qilsa, hukm qiluvchi emas, egalik qiluvchi degan ma’no chiqadi. Alloh taoloning Malik ismi esa ushbu ikkala ma’noni ham anglatadi, ya’ni egalik ham qiladi, hukm ham yuritadi.

Alloh taoloni «maalikul mulk» sifati u zot hamma narsaning yaratilishiga ham, tasarrufiga ham, oqibatiga ham ega degan ma’nodadir. Masalan, maktab mudiri o‘qituvchilarga ega, ammo bu egalik chegaralangan: o‘qituvchi kelishilgan vaqtda ishga keladi, kelishilgan darsni beradi, daftarlarni tekshiradi, jurnal to‘ldiradi. Lekin kelishilgan vaqt tugab, o‘qituvchi uyiga borgach, mudirning o‘qituvchiga egalik huquqi qolmaydi. O‘qituvchi uyida xohlasa kitob o‘qiydi, ovqatlanadi, farzandlari bilan shug‘ullanadi va hokazo.

Ammo Alloh taolo barcha narsaning egasi bo‘lgani uchun seni yo‘qdan bor qiladi, hayot beradi, rizq beradi, ko‘rib, eshitib, sezib turadi va senga ham, sen vaqtincha ega bo‘lgan narsalarning barchasi ustidan ham mutlaq ega bo‘ladi. Shuning uchun hamma narsa har bir ishda Allohga muhtoj bo‘ladi. Zero, U Zot egalik qiluvchi, tasarruf qiluvchidir, tasarrufida mustaqildir, xohlaganini qiluvchidir. Har qanday vasfda Allohdan boshqa narsani biron narsaga molik desak, majoziy ma’noda aytgan bo‘lamiz, chunki haqiqiy egalik qiluvchi zotida ham, sifatida ham har qanday narsadan behojat bo‘lishi kerak. Masalan, ichimlik ichmasligi, nafas olmasligi, ovqat yemasligi, uyquga ehtiyoj sezmasligi, qo‘rqmasligi, mahzun bo‘lmasligi, do‘stlari ko‘p bo‘lishini orzu qilmasligi kerak. Inson doim boshqalarga muhtoj bo‘ladi, demak, u haqiqiy molik bo‘la olmaydi. Haqiqiy molik yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidir.

Molik so‘zi havoi nafsiga ega bo‘lgan, nafsining asirligidan ozod bo‘lgan, degan ma’noni ham anglatadi. Masalan, Yusuf alayhissalomni molik deyish mumkin. Ko‘pchilik buni u zot davlat xazinaboni bo‘lganlar, davlatning bor mol-mulki u kishining qo‘lida, tasarrufida deb tushunadi. To‘g‘ri, bu ham haqiqat. Ammo Yusuf alayhissalom mansabdor, go‘zal ayol o‘ziga chorlaganda «Alloh saqlasin» deb o‘z nafslariga, shahvatlariga molik bo‘lganlari uchun ko‘pgina tafsir ulamolari u kishini bu ma’noda ham molik bo‘lganlar deb aytishgan. Alloh bu dunyoning o‘tkinchi matohlarini, mol-dunyoni xohlaganiga ato qilaveradi. Bunda aytarlik faxrlanadigan fazilat yo‘q. Ammo nafsni tiyib, uning ustidan hukmron bo‘lish, molik bo‘lishni faqat xos bandalariga ato qiladi, xolos.

Ikkinchi jahon urushida g‘alabani qo‘lga kiritgan yetakchilardan biri: «Butun dunyoga hukmron bo‘ldik, ammo nafsimizga hukmron bo‘la olmadik», deb tan olgan ekan. Biz insonlar nafsimiz qarshisida zaifmiz. Dunyo tarixida ne-ne mashhur odamlar, yuqori mansab egalari o‘z qo‘l ostidagi ayollar yo‘ldan urgach, bu fitnaning qarshisida nafsiga molik bo‘la olmay, yengilgan. Umuman, inson odatda ikki zaif nuqtada: mol dunyo va ayollar borasida ko‘p aldanadi.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Dinoru dirham bandalari bebaxt bo‘ladi», deganlar (Ibn Moja rivoyati).

Kim mol-dunyoni o‘zining xizmatkoriga aylantirib olmasa, uning o‘zi mol-dunyoga xizmatkor bo‘lib qoladi. Bunday irodasi kuchli odamlar shahvati ustidan hukmron bo‘lib, haq bilan birga bo‘ladi va Allohning kitobi qarshisida taslim bo‘ladi.

«Molik» so‘zining yana bir ma’nosi ibodat qiluvchi obidlarning qalblariga molik bo‘luvchidir. Inson Alloh taoloni taniganidan beri Uning muhabbati doirasiga kirib, toatiga mashg‘ul bo‘lib qoladi. Mo‘min banda to Allohga yo‘liqmaguncha «Robbim mendan rozimikan? Amallarimni qabul qildimikan? Alloh meni yaxshi ko‘rarmikan? Amallarim xolis bo‘ldimikan?» degan savollar atrofida aylanadi.

Umaviy xalifalardan biri Makkaning haramida ulug‘ bir olim bilan uchrashib qoldi. Xalifa: «Biror hojating bo‘lsa, so‘rayver», dedi. Shunda olim: «Allohga qasamki, Allohning uyida turib, Allohdan boshqasidan biror narsa so‘rashdan hayo qilaman, Allohdan boshqasidan bir narsa so‘rash juda mahol narsa», dedi. Xalifa jim bo‘lib qoldi. Keyinroq u bilan haramning tashqarisida ko‘rishib, «Biror ehtiyojing bo‘lsa, so‘rayver», dedi. Olim: «Molikdan so‘ragan narsamni molik bo‘lmagan odamdan so‘raymanmi?» dedi. Xalifa yana: «Ehtiyojing bo‘lsa, so‘ra», dedi. Olim: «Meni do‘zaxdan qutqarib, jannatga kiritgin», dedi. Xalifa: «Bu narsa mening qo‘limdan kelmaydi-ku», dedi. Shunda olim: «Unday bo‘lsa, senga hojatim yo‘q», dedi.

Nafsga ana shunday molik bo‘lib, oliy darajani Allohning huzuridan qidirish chinakam mo‘minning sifatlaridandir.

Shuning uchun inson Allohni haqiqiy ma’noda tanisa, barcha narsaga U Zotning O‘zi kifoya qilishini anglab yetadi. Mo‘min kishi uchun Allohning huzuridagi narsa o‘z qo‘lidagi narsadan ko‘ra ishonchliroq bo‘ladi.

Ulug‘ ulamolardan biri, buyuk tobe’in Hasan Basriydan «Ushbu maqomga qanday erishgansiz?» deyishganda u zot: «Odamlardagi narsaga muhtoj bo‘lmaganim, odamlar esa mening ilmimga muhtojligi tufayli», dedilar.

Sen ham Allohning ushbu ismidan ibrat olib, odamlarning qo‘lidagi narsaga tama qilmasang, barcha mulkning egasi Alloh ekanini bilsang, solih salaflardek aziz va mukarram yashaysan.

Alloh taolo barchamizga o‘zining al-Malik sifati ila tajalliy qilsin!

Doktor Muhammad Rotib Nablusiyning «Allohning go‘zal ismlari» nomli asari asosida Anvar Ahmad tarjimasi.

Manba

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*