Bosh sahifa » Ilm » Hajning nozik sirlari

Hajning nozik sirlari

Avvalo, hajning mohiyatini fahmlab yetishi lozim. Ya’ni, hajning dindagi o‘rnini fahmlagan odamning unga shavqi ortadi va haj qilishga azmu qarori kuchayadi.

Hajning har bir amalida ma’lum bir eslatma va ibrat bor:

  1. Hajga kerak bo‘ladigan narsalarni jamlaganda oxiratga kerak bo‘ladigan narsalarni esiga olsin.
  2. Ehromga kirayotganda, oddiy kiyimlarini yechayotganda kafanni va Robbiga bu dunyo kiyimlaridan boshqacha kiyim bilan ro‘baro‘ bo‘lishini esga olsin.
  3. «Labbayka»ni aytishni boshlaganida Alloh taoloning chaqirig‘iga javob berayotganini esga olsin va qabulni orzu qilib, qabul bo‘lmay qolishdan qo‘rqsin.
  4. Haramga yetganda uqubatdan omon qolishni orzu qilsin va yaqinlardan bo‘lmay qolishdan qo‘rqsin. Ammo bunda umidvorlik g‘olib bo‘lsin.
  5. Baytullohni ko‘rganida qalbida uning ulug‘vorligini hozir qilsin va Alloh taologa O‘zining mehmonlari martabasiga erishtirgani uchun shukr qilsin hamda Baytullohni tavof qilish ulug‘vorligini his qilsin.
  6. Hajarul-asvadni istilom qilgan (uni qo‘li bilan ushlagan yoki ishora qilgan) paytida Alloh taologa itoatga bay’at qilganiga e’tiqod qilsin va bu bay’atga vafo etishga azmu qaror qilsin.
  7. Ka’bai Muazzamaning pardasiga osilganida va Multazamda turganida gunohkorning hojasining panohiga qochganini eslasin.
  8. Safo va Marva orasida sa’y qilayotgan paytida ularni “tarozining ikki pallasi” deb o‘ylasin.
  9. Arafotda turganida, odamlarning izdihomini ko‘rganida, ovozlarining ko‘tarilishini eshitganida, tillarning turli-tumanligini bilganida qiyomat mavqifini, unda xaloyiqning jamlanishini va shafoat so‘rashlarini esga olsin.
  10. Tosh otish paytida farmonga so‘zsiz bo‘ysunishni, qullikni namoyon qilishni va farmonni so‘zsiz bajo qilishni qasd qilsin.
  11. Qurbonlik so‘yish paytida bu ishning Alloh taologa qurbat hosil qilishning eng muhim turlaridan biri ekanini, qurbonlikning har bir bo‘lagi evaziga qurbonlik qiluvchi jasadining bir bo‘lagi do‘zaxdan xalos bo‘lishini eslasin.

«Mo‘minning umr safari» kitobidan.

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*