Bosh sahifa » Ilm » Qadar Allohning sirridir

Qadar Allohning sirridir

Shunday ishlar borki, ular qudrati Oliya bilangina, amalga oshadi, Odamlar xoh sezsinlar, xoh sezmasinlar, ixtiyoriy yoki majburiy ravishda ular ijro etiladi.

Masalan, aqldagi zako yoki g‘abo miqdori, mizojdagi sokinlik yoki tajovuzkorlik, jussaning balandligi yoki pakanaligi, jamol yoxud qabohat, hayot va o‘lim, sog‘lik va xastalik, boylik va faqirlik, xullas, shularga o‘xshash barcha narsalarda insonning qo‘li yo‘q. Ya’ni, bu ishlarga aralashishga uning haqqi ham, quvvati ham yo‘qdir. Hayot jarayonini hayot Sohibi xohlaganidek harakatlantiradigan narsa yolg‘iz qadar qo‘llaridir.

“Albatta, Allohga na yerdagi va na ko‘kdagi biron narsa maxfiy emasdir. U sizlarga (onalaringizning) qorinlarida bo‘lgan paytingizda O‘zi xohlagan suratni bergan zotdir. Hyech bir tangri yo‘q, faqat uning o‘zi bor. U qudratli hikmatlidir” (Oli Imron, 6).

Bu ishlar bandaning hisob berishi va jazolanishiga bois bo‘lmaydi. Zero, ularda bizning aybimiz va ishtirokimiz yo‘q. Bu to‘g‘rida Alloh azza va jalla shunday deydi:

“Parvardigoringiz O‘zi xohlagan narsani yaratur va (O‘zi xohlagan ishni) ixtiyor qilur. Ular uchun ixtiyor yo‘qdir. Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir”.

Qadarning bu naviga imon keltirish vojib. Bunga dalillar ochiq va ravshan.

Ammo qadarning yana boshqa bir xili ham borki, u birinchisidan farqli o‘laroq amallarga bog‘langandir. Ular ado etilayotganda biz aqlimiz uyg‘oqligini, maylimiz harakatini, zamirimiz nazoratini his qilib turamiz. Bularga bizning aloqamiz qay darajada? Bunda qadarning nisbati qanday ma’noda?

Biz bu dunyoda voqye’ bo‘ladigan ishlarga kirishishimizda iroda va kuchimizning erkinligini sezamiz. Bunga Alloh taoloning quyidagi oyatlari dalil bo‘ladi:

“Ayting: “(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin” (Kahf, 29).

“Ayting: “Ey insonlar, sizlarga Parvardigoringizdan Haq – Qur’on keldi. Bas, kim hidoyat yo‘liga yursa, faqat o‘z foydasiga yurgan bo‘lur. Kim (bu hidoyat yo‘lidan) ozsa, faqat o‘zining ziyoniga adashgan bo‘lur. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman” (Yunus, 108).

Agar iroda cheklansa, taklif va imtihondan iborat dinning tabiatiga to‘g‘ri kelmas edi. Lekin odamlar amallarining bunday navini ham Alloh taolo ilmi ilohiyi ila tom ihota etgandir:

“Ular haqidagi bilim Parvardigorim huzuridagi Kitobda – Lavhul mahfuzdadir. Parvardigorim adashmas va unutmas” (Toha, 52).

Amallarimizning shomil ilohiy ilm doirasidan tashqarida emasligi juz’iy iroda erkinligi xususidagi so‘zga zid emasmi? Yo‘q. Chunki ilmi ilohiy amallarni tasarruf etish, harakatlantirish vositasi o‘laroq emas, balki oshkor etish va aniqlik kiritish ma’nosida namoyon bo‘ladi.

Oliy irodaning shomilligi va barcha maxluqotga hukmronlik qilib turishi qoidasining ma’nosi nima va u insoniy iroda erkinligi bilan qanday kelishadi?

“Qasamki, Biz Qur’onni zikr – eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?” (Qamar, 17).

Biz bir oyatda mutlaq xohishni ko‘rsak, bu yerda insoniy ixtiyor ravshan zikr qilinayotganini ko‘ramiz. Alloh biror shaxsni yo‘ldan ozdirishining ma’nosi o‘sha shaxs to‘g‘ri yo‘ldan adashishni ma’qul ko‘rdi, bas, Alloh ham uni murodiga yetkurdi va o‘zi uchun xohlagan ishga erishtirdi. Bunday holga dalil talaygina:

“Bas, qachon ular (Haq yo‘lidan) og‘ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og‘dirib qo‘ydi. (Zotan) Alloh fosiq – itoatsiz qavmni hidoyat qilmas” (Sof, 5).

“Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, Biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga doxil qilamiz” (Niso, 115).

Mana endi mutlaq xohish to‘g‘risida muhmallik, noaniqlik qolmadi. Alloh taoloning “Xohlagan kimsalarni yo‘ldan ozdirur…” degan so‘zining ma’nosi quyidagi oyatdan tashqariga chiqmaydi:

“U (Alloh) bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan fosiq kimsalarnigina adashtiradi” (Baqara, 26-27).

Bu hol “Xohlagan kishilarni hidoyat qilur”ga ham taalluqli. Haq taoloning O‘z irodasi haqida so‘zlay turib, insoniy iroda qiymati xususida deganlariga boqing:

“(Ey Muhammad, ularga) ayting: “Albatta, Alloh O‘zi xohlagan kimsalarni gumroh qilur va (Allohga) ijobat – tavba qilgan kishilarni O‘z (diniga) hidoyat qilur. Ular imon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish – eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur” (Ra’d, 27-28).

Demak, Alloh O‘ziga ijobat – tavba qilgan kishilarni hidoyat qilur. “Zotan (Alloh) fosiq – itoatsiz qavmni hidoyat qilmas”.

Ushbu qur’oniy chiroqni qo‘limizga olib, uning nurida suralarni birma-bir ko‘zdan kechiraylik. Shunda Allohning dinida muhmallik yoki beqarorlik yo‘qligini bilamiz.

Balki muhmallik va beqarorlik axmoqlar aqlida, g‘ofillar qalbidadir.

Qadarni tushunishda va qazoi qadar bilan basharning erkin ixtiyori o‘rtasidagi farqni to‘g‘ri fahmlashda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bergan ta’lim ham g‘oyat qo‘l keladi.

Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) xufton namozidan so‘ng Ali karramallohu vajhahuning uylariga kirdilar va u kishining uyquga erta yotganlarini ko‘rdilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) shunda: “Tunda (ibodat uchun) qoim bo‘lmaysanmi?” dedilar. Hazrati Ali (roziyallohu anhu): “Nafaslarimiz Allohning qo‘lida. Xohlasa, qo‘yib yuboradi, xohlasa, ushlab qoladi”, deb javob qildilar. Bu so‘zdan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) darg‘azab bo‘ldilar, u yerdan sonlariga shapatilagan holda: “Inson juda ko‘p tortishguvchidir”, deya chiqib ketdilar.

Bir kishi o‘g‘irlik qildi va Umar (roziyallohu anhu) oldilariga keltirildi. Umar (roziyallohu anhu) undan: “Nimaga o‘g‘rilik qilding”, deya so‘radilar. O‘g‘ri: “Bu ishim Allohning qadari”, deb javob qildi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “O‘ttiz darra urib, so‘ng qo‘lini kesinglar”, dedilar. U zotdan bu hukmning ma’nosi so‘ralganda, o‘g‘irlik qilgani uchun qo‘li kesiladi va Allohga yolg‘on to‘qigani uchun darralanadi, deb javob qildilar.

Albatta, qadar beparvolikka, beg‘amlikka yo‘l ochmaydi; gunohlarga vosita bo‘lmaydi va jabar haqida so‘z aytishga bois bo‘lmaydi. Balki ulkan ishlarni, buyuk g‘oyalarni amalga oshirishga yo‘l ochadi. Albatta, qadar qadar bilan daf etiladi. Ochlik qadari to‘yish qadari bilan, chanqoqlik qadari suvga qonish qadari bilan, kasallik qadari muolaja va davolanish qadari bilan, tanballik qadari g‘ayrat va amal qadari bilan qaytariladi.

Naql qilinishicha, Abu Ubayda ibn Jarroh Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) vabodan o‘zlarini olib qochayotganlarida: “Allohning qadaridan qochasizmi?” dedilar. Hazrati Umar shunday javob qildilar: “Ha, Allohning qadaridan Allohning qadariga qochaman”. Ya’ni, kasallik va vabo qadaridan sihhat va ofiyat qadariga qochaman, dedilar amirul mo‘minin va unga qurg‘oqchil yer bilan serhosil yerni masal qildilar. Ya’ni, podani quruq, o‘t-o‘lansiz yerdan yam-yashil yaylovga ko‘chirilsa, qadardan qadarga o‘tiladi, deya tushuntirdilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) va ashoblari qadarni to‘g‘ri tushunishganidan zaif va bechoralar kabi bo‘yinlarini qisib turishmadi. Balki haqiqat yuzidan pardani ko‘tarishdi. Umidsizlikka tushishmadi, o‘zlarini zaif sanashmadi, balki buyuk risolatlarini ro‘yobga chiqarish uchun Allohning bandalariga nusrat berishdagi sunnatini mahkam ushlab, qadar sohibidan madad so‘rashdi. Faqirlikka qarshi amal bilan, jaholatga qarshi ilm bilan, xastalikka qarshi muolaja bilan, kufr va gunohga qarshi harakat bilan kurashishdi. G‘am, xafalik, ojizlik va dangasalikka qarshi Allohdan panoh tilashdi. Rasululloh qadarni noto‘g‘ri tushunishdan hamisha qaytarganlar va noto‘g‘ri tushunchalarga qarshi kurashishga chaqirganlar.

Qadar to‘g‘risida bilishimiz kerak bo‘lgan miqdor Alloh va rasuli bildirganchadir. Bundan bu yog‘ini bilish uchun izlanish bizga halol emas, u to‘g‘risida tortishish harom. Chunki bu yog‘i aqllar ihota qilolmaydigan Allohning sirlaridandir. Bu holni Imom Tahoviy “Al-aqida” asarida shunday ifodalaydi: “Qadarning asli maxluqlardan yashirilgan Allohning sirridir. Uni hatto Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham, payg‘ambarlar ham bilishmaydi. Taqdir to‘g‘risida chuqur xayol yurgizish yoki bahslashish behuda ishdir, balki tug‘yondir. Bundan qattiq hazar qilish zarur. Uni Alloh taolo O‘ziga xos ilm qilib, bandalarini taqdir to‘g‘risida fikr yuritishdan nahiy etadi. Bir oyati karimada: “Alloh o‘zining qiladigan ishlaridan hech kimga hisobot bermaydi, balki odamlar Unga hisobot beradilar”, deyiladi. Kimki: “Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qiladi?” desa, taqdir hukmini rad etgan bo‘lib, imondan ajrab qoladi” (Imom Tahoviyning mazkur kitobi Ahli sunna val-jamoa mazhabining e’tiqodi, aqidasining asosidir).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: “Biz qadar to‘g‘risida tortishib turganimizda, oldimizga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) kelib qoldilar. G‘azablanib, yuzlari qizarib ketdi va: “Men shuning uchun sizlarga yuborilganmidim? Sizlardan oldingilar ham mana shu to‘g‘risida nizolashgan paytda halok bo‘lgan edilar. Bu to‘g‘rida nizolashmasligingizni buyuraman”, dedilar.

Ali (roziyallohu anhu) qadar haqida so‘ragan kishiga: “U zimziyo yo‘ldir, unda yurma”, dedilar. Haligi odam yana so‘raganda: “U tubsiz bahrdir, unga sho‘ng‘ima”, dedilar. U odam yana bir bor javob so‘radi. Shunda Ali (roziyallohu anhu): “U Allohning sendan maxfiy bo‘lgan sirridir, uni tekshirma”, deb javob qildilar. Bunday nahiy qadarning o‘zi haqida so‘zlashga taalluqli emas, balki hayot, o‘lim, rizq ko‘pligi va kamligi hamda shularga o‘xshash Allohning nizomlari to‘g‘risida savollarga mansubdir.

“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi” (Baqara, 286).

Alloh bizga kuch va xohishni berib, qodir va murid qilib qo‘yibdi. Xohlaganda ojiz, notavon etib qo‘yardi. So‘ng bu irodani tasarruf etishni mahzi ixtiyorimizga tashladi. Ikki tomondan birini – yaxshilik yoki yomonlikni tanlash o‘zimizning qo‘limizda.

Xulosa shulki, Alloh bizni yaratmasdan burun irodali, ixtiyorli bo‘lishimizni bilgan. Chunki biz insonmiz, tosh emasmiz.

Mubashshir AHMAD

“Hidoyat” jurnali, 2000 yil, 1-son

www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*