Bosh sahifa » Maqolalar » Savob bag‘ishlashning sahih tariqasi

Savob bag‘ishlashning sahih tariqasi

Bir kishi Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhdan: «Nima uchun sizlar mayyitga savob bag‘ishlashdan qaytarasizlar?» deb so‘ragan edi, u kishi shunday dedilar:

«Mayyitga savob bag‘ishlashdan kim man’ qilar ekan? Hyech kim man’ qilmaydi. Ha, uning sahih tariqasi aytiladi. Ya’ni savob bag‘ishlashning shar’iy yo‘lini aytish lozim.

Bu gapning tafsiloti shuki, maqsad mayyitga savob yetishidir. Savob hosil bo‘lishi esa amal qiluvchining ixlosiga bog‘liq. Ya’ni, u amal faqat Alloh taolo roziligi uchungina qilingani bo‘lishi lozim. Ixlossiz qilingan amalga (u har qancha katta ish bo‘lsa ham va uni bajarishda ko‘p mashaqqatlar chekilgan bo‘lsa ham) hech qanday savob berilmaydi. Rasmu rusumga ergashish, ya’ni bir ishni shari’at aytgani uchun emas, balki urfda bo‘lgani uchun yoki o‘zaro faxr uchun qilishda qayerdan ham ixlos bo‘lsin? Hozirgi kundagi savob bag‘ishlashlardan man’ qilishning sababi shudir.

Ixlos bo‘lgan taqdirda ham bir ko‘rinish ikkinchi ko‘rinishdan afzal turadi. Endi bu gapning tafsiloti shuki, taom yegizdirish, libos kiydirish, pul berish – bu ishlarning hammasidan savob yetadi. Lekin buning ham ikki ko‘rinishi bor. Biri shuki, aytilgan narsalarni muhtojga maxfiy tarzda beriladi. Ikkinchisi esa taom pishirib, odamlarga uni yegizdiriladi. Bu ikkinchi ko‘rinishdan birinchi ko‘rinish afzal hisoblanadi, bashartiki, bu ikkinchi ko‘rinishda ham ixlos bo‘lsa. Agar ixlos bo‘lmasa, balki riyo va tafoxur (o‘zaro faxrlanish) bo‘lsa, aniqki, ikkinchi ko‘rinish lag‘v va bekorchi ish bo‘ladi. Pul xarajat bo‘lsa-yu, mayyitga savob ham yetmasa, o‘zingiz ayting, bu – man’ qilinadigan ish emasmi? Bu kunlarda g‘olibi odat mana shudir. Umuman olganda hammada «Agar hech narsa qilmasam, odamlar «Falonchining merosxo‘rlari biror narsa qilmadi», deb gapiradi?» degan xayol bo‘ladi. Shuning uchun boshqalarga ko‘rsatmay, maxfiy tarzda berishni, boshqacha aytganda, mol sarf bo‘lsa-yu, buni biror kishi bilmay qolishini dili istamaydi. Aytingchi, shu ishda savob bo‘lishi mumkinmi?

Agar bu ishni qilayotgan kishida riyo niyati bo‘lmasa, balki ixlos bilan qilayotgan bo‘lsa ham, unga shunday maslahat beriladiki, hojatmand va zaruratmand odamlarga yashirin suratda yordam berish kerak. Misol uchun bir qop guruchni muhtojlarga pishirib bergandan, pishirmay tarqatish yaxshiroq sanaladi va bunda miskinlar uchun manfaat ko‘proq bo‘ladi. Zero pishirib berganingizda kambag‘alning o‘zi yesa, pishirmay tarqatsangiz u butun oilasi bilan bahramand bo‘ladi. Asosiysi, bu ish riyodan uzoqroq turadi»

«Malfuzot», 5-j, 254-b.
Yorqinjon qori Fozilov

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*