Bosh sahifa » Maqolalar » «Naqadar buyuk adolat!»

«Naqadar buyuk adolat!»

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayh aytdilar: «Alloh taoloning ahllari (do‘stlari) juda odil bo‘ladilar. Har narsada odillik va mo‘’tadillikni yoqtiradilar. Hazrat Mirzo Joni jonon rahmatullohi alayh juda nozik tabiatli, o‘ta injiq kishi bo‘lganlar. Lekin men u kishining odilligiga dalolat qiladigan bir voqyeani aytib beraman. Kunlardan birida muridlaridan biriga: «Sen bolalaringni olib kel, biz ularni ko‘rmoqchimiz», dedilar. Bechora murid: «Hazratning mijozi nozik, bolalarim esa sho‘x, ularning ahmoqona harakatlaridan hazratga kulfat yetishi mumkin», deb o‘ylab, bolalarni olib kelishni ortga surdi. Bir necha kundan so‘ng hazrat: «Men senga bolalaringni olib kel, deb aytgan edim, sen esa olib kelmading», dedilar. Murid yana orqaga surdi. Bir necha kundan yana takror o‘sha gapni aytgan edilar, murid o‘z bolalarini olib kelmagunicha joni qutilmasligini bildi. Uyiga borib, avval bolalarni yaxshilab yuvintirib, ularga tozza liboslarni kiydirdi. So‘ng hazratning tabiatiga muvofiq odoblarni o‘rgatib, u kishining huzuriga ularni olib keldi. Hazrat Mirzo Joni jonon bolalarni betakalluf qilmoqchi, ya’ni ular bilan yayrab gaplashmoqchi bo‘ldilar, lekin ular bo‘ynini egib, ko‘zini pastga qaratib o‘tiraverdi. Hazrat ularning otasiga: «Biz senga bolalaringni olib kel, deb aytgan edik», dedilar. U esa: «Mana shular mening bolalarim-da», dedi. Hazrat: «Shular bolami? Bular sening bobong-ku. Bittasi bizning belimizga mingashib olsa, ikkinchisi sallamizni olib qochib ketsa, o‘shalarni «bolalar» deb aytadi», dedilar.

Ko‘rdingizmi, u zotlar qanday odil bo‘ladi. Ular o‘z tabiatiga emas, balki usulga (qonunga) tobe’ bo‘ladi. Shuning uchun ular katta yoshli kishi biror nomunosib harakat qilsa, qattiq tanbeh beradilar. Yosh bolaning esa sho‘xlik qilmaganiga xafa bo‘ladilar. Naqadar buyuk adolat!»

«Malfuzot», 5-j, 308-b.
Yorqinjon qori Fozilov

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*