Bosh sahifa » Ilm » Nima uchun o‘limni yoqtirmaymiz?

Nima uchun o‘limni yoqtirmaymiz?

Hikoya qilinishicha, Sulaymon ibn Abdulmalik hajga ketayotib, yo‘lda Madinaga kirib bir necha kun istiqomat qildi. Madina ahlidan: “Bu yerda sahobalarni ko‘rgan kimsa bormi?”, deb so‘radi. «Ha, Abu Hazim bor», deyishdi. Uni aytib kelish uchun bir kishini yubordi. Abu Hazim Sulaymonning huzuriga kelganda, Sulaymon unga: “Ey Abu Hazim, biz nima uchun o‘limni yoqtirmaymiz”, dedi.

Abu Hazim: «Chunki sizlar oxiratingizni xarob qildingiz, dunyongizni esa obod qildingiz. Shuning uchun obod bo‘lgan joydan xarob bo‘lgan joyga ko‘chib o‘tishni yoqtirmaysizlar», dedi.

Sulaymon: «Allohning huzuriga borish qanday bo‘ladi, ey Abu Hazim?», dedi.

Abu Hazim: «Ey mo‘minlarning amiri, muhsinlar (ya’ni, yaxshi amallar qiluvchilar) xuddi yo‘qolgan kishi ahlining huzuriga qaytib borgani kabi bo‘ladi (ya’ni, yaxshi kutib olinadi). Ammo yomon amallarni qiluvchi kishi esa, qochgan qulning xojasi huzuriga qaytarib olib kelingani kabi bo‘ladi», dedi.

Sulaymon yig‘ladi va: «Ertangi kunda Allohning huzurida menga nima hozirlab qo‘yilganini bilganimda edi!», dedi.

Abu Hazim: «Nafsingni (ya’ni, amallaringni) Allohning kitobiga solishtirib ko‘r, “Albatta, yaxshilar (mo‘minlar) ne’mat (jannat)dadirlar, fojirlar esa do‘zaxdadirlar” (Infitor, 13-14), dedi.

Sulaymon: «Unda, Allohning rahmati qayerda?», dedi.

Abu Hazim: «Mo‘minlarga yaqindir (Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir». A’rof, 56)», dedi.

Sulaymon: «Allohning qaysi bandalari mukarramroqdir, ey Abu Hazim?», dedi.

Abu Hazim: «Yaxshilik va taqvo ahli bo‘lganlari», dedi.

Sulaymon: «Amallarning eng yaxshisi qaysi?», dedi.

Abu Hazim: «Farzlarni ado qilmoq va haromlardan saqlanmoqlikdir», dedi.

Sulaymon: «Qaysi so‘z eng to‘g‘ri so‘zdir?», dedi.

Abu Hazim: «Undan qo‘rqqan va umid qilgan kimsaning huzurida aytilgan haq so‘z», dedi.

Sulaymon: «Qaysi mo‘min eng ziyrak (ya’ni, aqlli)dir?”, dedi.

Abu Hazim: «Allohning toatida amal qilgan va odamlarni ham shunga chaqirgan kishi», dedi.

Sulaymon: «Qaysi mo‘min eng zarar ko‘ruvchi (ya’ni, ahmoqdir)dir?», dedi.

Abu Hazim: «Zolim bo‘lib turgan birodarining istak-xohishida qadam qo‘ygan, natijada o‘zganing dunyosini deb o‘zining oxiratini sotgan kishi», dedi.

Sulaymon: «Biz haqimizda nima deysan?», dedi.

Abu Hazim: «Ruxsat berasanmi?», dedi.

Sulaymon: «Albatta, axir bu sening menga aytayotgan nasihating-ku!», dedi.

Abu Hazim: «Ey mo‘minlarning amiri, otangizlar odamlarni qilich bilan bo‘ysundirdi. Bu hukmronlikni musulmonlar bilan maslahat qilmasdan, ularning roziligisiz, kuch bilan egallashdi. Hatto ulardan ko‘pchiligini qatl qilib yuborishdi. Ular o‘tib ketishdi. Ularning nima deganini va ular haqida nima deyilganini bilganingda edi!», degan edi, shu yerda o‘tirgan kishilardan biri “buncha ham yomon gap gapirding!”, dedi.

Abu Hazim: «Albatta, Alloh taolo ulamolardan insonlarga haqni bayon qilishga, uni yashirmaslikka ahdu-paymon olgan», dedi.

Sulaymon: «Bu fasodni qanday to‘g‘irlashimiz mumkin?», dedi

Abu Hazim: «Halolidan olib, haqdor joyga qo‘ymog‘ing bilan», dedi.

Sulaymon: «Bunga kim ham qodir bo‘ladi?», dedi.

Abu Hazim: «Do‘zaxdan qo‘rqib, jannatni talab qilgan kishi», dedi.

Sulaymon: «Menga duo qil», dedi.

Abu Hazim: «Allohim, agar Sulaymon do‘sting bo‘lsa, uni dunyo va oxirat yaxshiligiga muyassar qil! Agar Sulaymon dushmaning bo‘lsa, uni peshonasidan tutib, O‘zing yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan narsaga qo‘y!», deb duo qildi.

Sulaymon: «Menga vasiyat qil», dedi.

Abu Hazim: «Qisqagina vasiyat qilaman: Robbingni ulug‘la va U qaytargan joyda seni ko‘rishidan, U buyurgan joyda seni yo‘qotib qo‘yishidan Uni poklagin!», dedi.

«Hikmatlar chashmasi»dan

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*