Bosh sahifa » Maqolalar » Qabr ziyorati

Qabr ziyorati

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“…Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, dedilar (Hadisning to‘liq matni quyida keltiriladi).

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qilishning hikmatlaridan asosiysini eslatib o‘tmoqdalar.

U ham bo‘lsa, oxiratni eslashdir. Oxiratni eslagan odam esa dunyoni qo‘yib, oxirat harakatini ko‘proq qiladi. Yana o‘lganlarni ko‘rib, ibrat olish, o‘limni yodga olish, dunyo muhabbatini ketkazish, manmanlik, maqtanish va g‘ururlanishni tark qilish ham qabr ziyoratining hikmatlaridandir.

Qabr ziyoratining hukmi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomning ilk davrlarida qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki unda ba’zi johiliya davrining odatlari saqlanib qolgan bo‘lib, ayrim qabilalar maqtanish va g‘ururlanish uchun o‘liklarining qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir qilar, oshkora yig‘i-sig‘iga zo‘r berar edilar. Islom odob va ahloqi insonlar qalbiga o‘rnashgach, qabrlar ziyoratiga izn berildi.

عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: قَدْ كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ فَقَدْ أُذِنَ لِمُحَمَّدٍ فِي زِيَارَةِ قَبْرِ أُمِّهِ فَزُورُوهَا فَإِنَّهَا تُذَكِّرُ اْلآخِرَةَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ الْبُخَارِيَّ وَاللَّفْظُ لِلتِّرْمِذِيِّ.

Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Sizni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo‘ldi. Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, dedilar” (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Lafz Termiziyniki).

Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafaqat izn berdilar, balki bu ishga amr qildilar, targ‘ib etdilar.

Ulamolar erkaklarning qabrlarni ziyorat qilishlari mumkinligi borasida barchalari ittifoq bo‘lishgan. Lekin ayollarning ziyoratini esa jumhur ulamolar makruh sanashgan.

عَن أبي هُرَيْرَة رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَن رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ : » لعن الله زوارات الْقُبُور» . أخرجه التِّرْمِذِيّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Alloh qabrlarni ziyorat qiluvchi ayollarni la’natlasin”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Ushbu hadisda ayol kishilarning qabrlar ziyoratiga borishi yaxshi emasligi qattiq ta’kidlanmoqda.

Jumhur “ulamolar: “Hadisda aytilgan la’nat qabrlar ziyoratiga borib, dod solib yig‘lagan, sabrsizlik qilgan va noshar’iy xatti-harakatlar qilgan ayollarga xosdir”, deydilar”.

Hanafiy mazhabi ulamolari esa makruh emas, deyishgan va bunga yuqorida birinchi keltirilgan hadisni dalil qilib keltiradilar.

Alxoyrur-Romliy: “Agar bunda bu ziyorat o‘zlarini xafagarchilik, doimgidek yig‘i-sig‘ilarini, baqir-chaqirlarini yangilash uchun bo‘lsa, joiz emas. Agar yig‘lamasdan, qarindosh-urug‘chilik muhabbati e’tiboridan, solih kishilarning qabrlari ziyorati bilan ibratlanish maqsadida borsa, yoshi o‘tgan bo‘lsa, zarari yo‘q, bo‘yi yetgan qiz bo‘lsa, makruh bo‘ladi”, deb, ikki hadisni muvofiqlashtirgan. Ibn Obidin rahmatullohi alayh: “Bu go‘zal muvofiqlashtirish”, deb e’tirof etgan[1].

Ahmad Izzuddin al-Bayyanuniy o‘zining “Tahorat va namoz hukmlari” kitobining “Qabrlarni ziyorat etish va ularning haqqiga duo qilish” bobi, 147-sahifasida quyidagilarni yozadi:

“Qabrlarni ziyorat qilish erkaklar uchun joiz bo‘lganidek, agar fitna xavfi bo‘lmasa, oxiratni eslab, o‘limdan ibrat olish uchun ayollar ham ziyoratga borsalar, joiz. Agar ziyorat safar masofasida bo‘lsa, unda albatta, mahram bo‘lishi shart”[2].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa payg‘ambarlarning qabrlarini ziyorat qilish esa bundan mustasno.

Ayollar o‘zlari yurayotgan yo‘llarida biror qabr uchratsalar, uning egasining haqqiga duo qilishlari mumkin.

[1] “Al mavsuatul-Fiqhiyatul-Kuvaytiyya”, Quvayt, Dorus Salosil. –J. 24, –B. 88

[2] Mirzo Ahmad “Xushnazar, “Qabriston ziyorati odobi”. Toshkent”, Movarounnahr 2005. –B. 9

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*