Bosh sahifa » Maqolalar » O‘tganlarni xotirlash

O‘tganlarni xotirlash

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

اذكروا محاسن موتاكم، وكفوا عن مساويهم

Ya’ni: “Sizlar mayyitlaringizni yaxshi sifatlarini zikr qilingiz va yomonliklaridan tilingizni tiyingiz”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilarki, shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi. Tirik insonlarning ortidan ham yomonlab gapirish joyiz emas. Balki, tiriklarning ham faqat yaxshiliklarini gapirish kerak. Agar ortlaridan yomonliklari gapirilsa, u holda g‘iybat bo‘ladi va g‘iybat haromdir. YUqoridagi hadisi sharifda, alohida mayyitlarni ham ortidan yomonliklarini gapirishlikdan qaytarildi. Chunki, tiriklarning g‘iybati harom bo‘lganidek, mayyitlarni haqorat qilish, ularni yomonlash, ayblarini aytish va g‘iybat qilishlik ikki baravar haromdir. Chunki, agar tirik odamni g‘iybat qilsa, umid borki, u bilan bir kun uchrashib qolsa, undan rozilik so‘rab haqqini halol qilib olar. Lekin, mayyit Alloh taoloning huzuriga ketib bo‘lgan. Endi undan haqqini halol qila olmaydi. G‘iybati uchun rozilik so‘ray olmaydi. Shuning uchun tirikning g‘iybatidan ko‘ra mayyitning g‘iybati ikki karra og‘irroq gunoh bo‘ladi.

O‘tganlarni g‘iybat qilmaslikning sabablaridan yana biri shuki, endi mayyit Alloh taoloning huzuriga ketib bo‘ldi. Siz zikr qilayotgan uning yomonliklarini, ehtimol Alloh taolo fazliga olib kechirib yuborgandir. Bunday holatda Alloh taolo mayyitdan kechirib yuborgan o‘sha yomonliklarni, uni g‘iybat qilishlik bilan siz o‘z bo‘yningizga olib o‘tirasiz. Buning ma’nosi shuki, siz Alloh taoloning qaroriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lasiz: «Ey, Alloh! Sen bu odamni kechirib yubording. Lekin men kechirmayman, u juda yomon odam edi», degan bo‘lasiz. Shuning uchun o‘tganlarni xotirlaganda ularni yomonliklarini gapirmaslik zarur bo‘ladi.

YUqoridagi hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tganlarni yomonliklarini gapirishdan qaytarishlik bilan birga, yaxshiliklarini gapirishga buyurdilar. Men ba’zi ulug‘larimizdan buning hikmatini shunday deb eshitganman. Qachonki, biror kimsa o‘tib ketgan mayyitni xotirlab biror yaxshiligini eslasa, tiriklik vaqtida qilgan yaxshiliklarini zikr qilsa, o‘sha vafot etgan banda haqida bu guvohlik bo‘ladi. Mana shu guvohlik sababli, Alloh taolo o‘sha mayyitni fazliga olib mag‘firat qilib yuborishi mumkin. Bu mayyitni yaxshiligini zikr qilishdagi mayyitga bo‘ladigan foydadir. Endi, sizning guvohligingiz sababli, Alloh taolo u mayyitni mag‘firat qilib yuborganidan keyin, mayyitga foydangiz tekkani uchun Alloh taolo sizni ham mag‘firat qilib yuborishi mumkin. Bu mayyitni yaxshiligini zikr qilishdagi sizga bo‘ladigan foydadir, deganlar.

Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh. “Islaxi xutbaat” kitobidan

Abdulqayyum Komil tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*