Bosh sahifa » Maqolalar » Kun bugundir

Kun bugundir

Tong otgach, tunni kutmagin, yaxshi-yomon o‘tgan kechagi kunni emas, hali kelib ulgurmagan ertani ham emas, yashayotgan buguningni o‘ylagin.

Quyoshi charaqlagan bu kun sening kuningdir, bir kunlik umr… Go‘yo bu kunda tug‘ilib, shu kunda o‘ladigandek, bugungi hayotingni bugun uchun bag‘ishlagin. Shundagina sening hayoting o‘tmish g‘am-tashvishlari, kelajakning xatarnok sharpalariga to‘qnash kelmaydi.

Barcha ijod, mehnatlaringni buguning uchun sarflagin.

Bu kunda xushu’ bilan namoz o‘qigin, tadabbur bilan Qur’on tilovat qil, buguning haqida mushohada yurit, husni xulqli bo‘lgin, qazoyi qadarga rozi bo‘l, o‘zgalarga manfaat yetkaz.

Bu kunda soat, daqiqalarni yillarga, soniyalarni oylarga aylantirgin, bu kunda yaxshilikni ekib, go‘zallik hosilini yig‘ib olgin, gunohlardan mag‘firat so‘ra, Parvardigorni zikr qil, rihlat tadorigini ko‘r, bu kunni xursandchilik bilan o‘tkazgin, rizqu-ro‘zga, Olloh taolo senga bergan ne’matlarga rozi bo‘lgin. “Bas, senga ato etgan narsamni olgin va shukr qilguvchilardan bo‘lgin!. (A’rof surasi 144-oyat).

Bu kunni qayg‘u hasratsiz, gina-hasadsiz o‘tkazgin.

Ushbu so‘zlarni qalbing oynasiga yozib qo‘ygin:

KUN BUGUNINGDIR.

Agar sen shu narsalarni jiddiy, qat’iy iroda bilan tasdiqlasang, o‘z nafsingni “men faqat shu kun uchun yashayman iborasiga buyinsundirasan va o‘sha paytda o‘z borligingni bino qilishlikka, iqtidoringni rivojlantirishlikka bu kuningni har bir lahzasidan foydalanasan va deysan: “Bu kunda so‘zimni o‘nglayman, yomon, fahsh so‘zlarni so‘zlamayman, g‘iybat qilmayman, bu kun o‘z uyimni tartibga keltiraman, bu kunda jismim tozaligiga, yurish-turishimga e’tibor beraman.

Bu kunda boshqalarga manfaat yetkazish umidida bo‘laman, o‘zgalarga yaxshilik qilaman, kasal holidan xabar olaman, muhtoj, mazlumlarga yordam beraman, olimni siylayman, kichikni izzat, kattani hurmat qilaman”, deb aytasan.

Kun buguningdir, bu so‘z hayotni go‘zal suratda ko‘rishni istagan inson uchun saodat lug‘atida eng go‘zal so‘zdir.

“Mahzun bo‘lma kitobidan

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*