Bosh sahifa » Ilm » Sunnat – muhaddislar istilohida

Sunnat – muhaddislar istilohida

Muhaddislar istilohida – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, amal, taqrir, xalqiy sifat, xulqiy sifat va siyratlarga, agar payg‘ambarliklaridan oldin sodir bo‘lgan bo‘lsa ham – Sunnat, deyiladi.

Darhaqiqat, hadis kitoblarini o‘qiydigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan gap-so‘zlari, qilgan amallari hamda sahobai kiromlardan sodir bo‘lgan tasarrufotlarni taqrir qilganlari bilan bir qatorda U zot sollallohu alayhi vasallamning qaddi qomatlari, shakli shamoillari, har bir a’zolari qandoq bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek, U zot sollallohu alayhi vasallamning axloqi hamidalariga oid: husni xulq, sabr-matonat, hilm, tavozu’, amonatlilik kabi sifatlar haqidagi ma’lumotlarni ham ko‘ramiz. Siz bilan biz ummati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga U zoti bobarakotning siyratlari – hayotiy yo‘llari yoki boshqacha qilib aytganda, tarjimai hollarini ham muhaddis ulamolarimiz o‘z kitoblaridagi sobit rivoyatlar ila yetkazganlar.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, muhaddislarimiz istilohidagi sunnatdagi har bir narsani musulmonlar o‘z hayotlariga tatbiq qilishlari mumkin emas. Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak tanalarining va a’zolarining vasf qilgan rivoyatlar ma’lumot uchun, musulmonlar o‘z mahbub Payg‘ambarlari sollallohu alayhi vasallamning siymolarini qalblariga jo qilishlari uchun xizmat etishi ko‘zlangan ma’lumotlardir.

Albatta, hadis kitoblarida kelishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qomatlari falon xil bo‘lgan ekan, har bir musulmon ham o‘z qomatini huddi ana shundoq qilmog‘i shart, deb bo‘lmaydi. Shunga o‘xshash, hadis kitoblarimizda rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga vahiy kelishidan oldin Hiro g‘orida o‘tirib tahannus ibodati qilgan ekanlar, biz ham U zotga iqtido qilib, sunnatlariga ergashib Hiro g‘orida tahannus ibodati qilishimiz lozim, degan odam bo‘lmagan.

Demak, muhaddislarimiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tegishli har bir ma’lumotni sunnat deb bilganlar va o‘sha ma’lumotlarni aniqlab, tekshirib, roviylarini aniqlab yig‘ishga harakat qilganlar. Shubhasiz, muhaddislarimiz o‘zlarining bu ishlari ila ulkan xizmatni ado etganlar. Bu haqda avval batafsil gapirib ham o‘tdik. Lekin yana bir bor ta’kidlashimiz lozimki, muhaddislarimiz rivoyatlarni o‘rganib to‘plaganlaru shu bilan o‘z xizmat burchlarini ado etgan hisoblanganlar. Hadisi shariflardan qandoq shar’iy hukm chiqishi, ularning qaysilaridan farz hukm, qaysilaridan vojib hukm va hokazolar kelib chiqishini esa usuli fiqh va fiqh ulamolarimiz bayon qilishgan. Kezi kelganda yana bir ilmiy haqiqatni eslab o‘tishimiz foydadan xoli bo‘lmasa kerak. Ko‘pchilikka muhaddislar hadislarni jamlab tartibga solib berganlaru, faqihlarimiz o‘sha hadislardan hukm chiqarganga o‘xshab tuyuladi.

Aslida esa, avval faqihlarimiz hadislarni chuqur o‘rganib, ulardan fiqhiy hukmlarni istinbot qilganlar. Keyinchalik esa, muhaddislarimiz o‘z uslublari ila hadisi shariflarni tartibga solishga turli mavzu’ va uslublarga binoan kitoblar ta’lif qilishga o‘tganlar.

Buni faqihlarning eng mashhuri Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining 150 hijriy sanada vafot etganlari va muhaddislarning eng mashhurlari Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining 194 hijriy sanada tavallud topganlaridan ham bilib olsa bo‘ladi.

Manba: «Hadis va hayot»

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*