Bosh sahifa » Ilm » Ibodat borasida shaytonning hiylasi

Ibodat borasida shaytonning hiylasi

Shaytonning bandaga ibodat borasida qiladigan hiylasi ikki turli bo‘ladi:

Birinchi hiylasi shuki, shayton ibodat borasida bandani kibr va faxrga mubtalo qiladi.

«Men buyuk obid bo‘ldim».

«Men Alloh taologa juda ko‘p ibodat qildim» deya bandaning qalbida faxr va kibr paydo qiladi.

Buning muolajasi, ibodatdan keyin «alhamdu lillah» deyishlikdir. «Alhamdu lillah» lafzi shaytonni noumid va ojiz qiladi. Banda ibodatdan keyin «alhamdu lillah» deyishi ila “men qilgan ibodat, Alloh taolo ato qilgan tavfiq tufaylidir”, degani bo‘ladi. Bundan shayton hiylasi ojiz qoladi.

Ikkinchi hiylasi shuki, shayton inson qalbiga, «sening bu ibodating nima bo‘pti?»

«Sening bu namozing nima bo‘pti?»

«Sening bu sajdang nima bo‘pti?» deya qilgan ibodatlarini pastga urib, ma’yus qiladi. Namoz o‘qib butun umrimiz o‘tdi. Lekin Alloh taologa loyiq bo‘lgandek haqqini ado qilib namoz o‘qiy olmadik. «Undoq bo‘lsa namoz o‘qishdan nima foyda?» degan ma’yuslikni shayton qalbga solaveradi. Buning muolajasi, namozdan keyin istig‘for aytishlikdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qib bo‘lganlaridan keyin darhol uch marta “astag‘firulloh”, deb aytar edilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu “ibodatdagi kamchiliklar uchun Alloh taologa istig‘for ayt”, deganlar.

Alloh taolo Qur’oni Karimda solih bandalarini maqtab shunday deydi:

كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ

وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ

Ya’ni: “Ular kechalari oz uxlar edilar. Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18 oyatlar).

Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Kechalari turib Alloh taologa ibodat qilib chiqasiz. Sahar paytida esa ko‘p istig‘for aytasiz. Axir gunoh qilmagan bo‘lsangiz. Istig‘for aytishingizga sabab nima?” deb so‘radilar. Shunda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qilgan ibodatlarimga: “Ey, Robbim! Sen loyiq bo‘lgandek ibodat haqqini ado qila olmadim. Shuning uchun meni mag‘firat qil”, deb istig‘for aytaman», deganlar.

Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh

Abdulqayyum Komil tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*