Bosh sahifa » Ilm » Namozda takbiri tahrima tartibi

Namozda takbiri tahrima tartibi

Ushbu takbirdan keyin namoz boshlanadi va undan avval durust bo‘lgan yeb-ichish, yurish, gapirish va namozdan tashqarida bo‘ladigan juda ko‘p ishlarni qilish haromga aylanadi. Shuning uchun ham bu takbirni “Takbiri tahrima” deyiladi. Uning sahih va namozni durust bo‘lishi uchun shart qilingan shartlar: badani pok, joyi pok, satri avrat, qiblaga yuzlanish, vaqt kabilar topilishidir. Shuningdek namozga kirishuvchi qiyomda bo‘lishi ham shart. Albatta bu farz bilan vojibga tegishli bo‘lib, nafllarda shart emas.

Iqtido qiluvchi imomni ruk’uda topsa va ruk’u qilgan holida takbir aytsa, namozga kirgan bo‘lmaydi. Shuning uchun “Allohu akbar”ni to‘liq qiyomda turgan holatida aytgan bo‘lishi shart. Agar “Alloh” lafzini qiyomda, “akbar” lafzini ruk’uda aytgan bo‘lsa ham namozga kirgan bo‘lmaydi. Shuning uchun avval qiyomda “Allohu akbar”ni aytib namozga kiradi va keyin takbir aytib, ruk’uga ketadi. Bemor kishi hassaga suyanib bo‘lsa ham takbir aytish miqdoricha qiyomga qodir bo‘lsa, o‘tirib o‘qishi, ya’ni o‘tirgan holda takbiri tahrimani aytishi joiz emas. Qo‘lni bog‘lash sunnat. Takbiri tahrimaga esa qiyom shart. Shuning uchun sunnatni tark qilib bo‘lsada shartni ado qilish kerak. Sahih qavlga binoan hassa bilan ham tura olmaydigan, birovning yordami ila tura oladigan kishi o‘tirib takbiri tahrima aytsa joiz. Bundan tashqari takbiri tahrimaning lafziga tegishli bir necha shartlar bor.

1- takbiri tahrimada “Allohu akbar” lafzini aytish vojib. Lekin uning o‘rniga “Subhanalloh” yoki “Laa ilaaha illalloh” kabi Allohning ta’zimiga dalolat qiluvchi lafzlar bilan bo‘lishi ham joiz. Ta’zimga dalolat qiluvchi bo‘lishi shartligidan duo va hojatni o‘z ichiga oluvchi lafzlar bilan bo‘lmaydi.

2- takbir tahrima ado bo‘lishi uchun butun jumla aytilgan bo‘lishi kerak. Agar “Allohu akbar” deyish o‘rniga “Alloh” yoki “akbar” lafzlarini o‘zini aytsa, tahrima ado bo‘lmaydi va namozga kirgan bo‘lmaydi. Shuningdek “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotganda ikkisidan birini o‘zi ham eshitmaydigan darajada maxfiy qilsa namozga kirgan bo‘lmaydi.

3- jumlada Alloh taoloni zikrining o‘zigina bo‘lib, duo, hojat aralashmasligi kerak. Shuning uchun namozga kirishayotgan odam taajjubni niyat qilib, ya’ni biror narsadan ajablanganligi tufayli “Allohu akbar”ni aytishi bilan namozga kirgan bo‘lib qolmaydi. Balki ta’zim va namozga kirishayotganini niyat qilgan bo‘lishi kerak.

4- namozxon takbiri tahrimada “Allohu akbar” o‘rniga“Bismillahir rohmanir rohiym” desa namozga kirgan bo‘lmaydi.

5- “Allohu akbar” lafzida xoh unutib, xoh qasddan Allohning “A”sini hamda akbarning “A”sini mad qilib “Aaallohu” yoki “Aaakbar” desa ham ulamolarning nazdlarida namozga kirgan hisoblanmaydi. Chunki unda ma’no “Alloh ulug‘mi?” degan bo‘lib qoladi (Zodul faqir).

6- «akbar» lafzining “B” bilan “R” harflari orasiga mad kiritib, “Akbar” o‘rniga “Akbaar” deb “B”ni cho‘zib o‘qisa, sahih qavlga binoan namozga kirgan bo‘lmaydi. Chunki unda ham ma’no o‘zgaradi. “Muniya”ning sharhi “Kabiriy”da “Akbar”ning o‘rniga “Akbaar” deb o‘qisa namozga kirgan bo‘lmaydi. Agar namoz orasida shunday desa namozi buziladi. Chunki “Akbaar” shaytonning ismlaridan biridir. Bir qavlda u “kabar”so‘zining ko‘pligi bo‘lib, do‘mbara ma’nosini anglatadi. Ba’zi ulamolar “namozga kirgan bo‘ladi va namozi buzilmaydi. Chunki u ishbo’dir” deganlar. Lekin birinchi gap sahihdir. Shuning uchun bunday qilgan kishi namozini qaytadan o‘qishi vojib bo‘ladi (Fatavoi Rahimiya).

7- “Allohu akbar” lafzida “Alloh” so‘zining “h”sini tushirib qoldirmaslik.

8- «Alloh» lafzining lomida madni xazf qilmaslik. Ya’ni “l” bilan “h”ning orasidagi “o”ni ikki harakat cho‘zib o‘qish kerak. Go‘yo “Allooh” deyish kerak. 7-8-suratlar topilmaganda namozga kirish yoki kirmagani xususida ulamolarning ixtilofi bor. Ehtiyot bo‘lish kerak.

9- «Alloh» lafzining “h” va “akbar” lafzining “r”sini ishbo’ qilib o‘qimaslik kerak. Ya’ni “Alloohuu akbaruu”, yoki “Alloohuu akbar” qilib. Aksar namozxonlar “akbar” lafzida ishbo’ qilmasalarda, sajdaga ketish yoki undan qaytishda“Alloohuu” deb cho‘zadilar. Bunda ham lug‘at jihatidan xato qilingan bo‘ladi. Lekin namoz buzilmasligi sahihdir.

10- arab tilini bilgan kishi arabcha “Allohu akbar” deb arabcha takbir aytishi kerak.

11- takbiri tahrimani kar bo‘lmagan kishi o‘zi eshitadigan darajada aytishi shart. Agar ovozini chiqarmay tilini qimirlatish yoki dildan o‘tkazish bilan kifoyalansa namozi durust bo‘lmaydi.

12- niyat bilan takbiri tahrima aytish o‘rtasida uzilish va niyatga zid bo‘lgan ishlarni qilish joiz emas.

13- takbiri tahrima niyatdan oldin bo‘lmasin. Agar takbirni aytib, keyin qaysi namozni o‘qiyotganini niyat qilsa, namozi durust bo‘lmaydi.

14- iqtido qiluvchining tahrimasi imomning tahrimasidan avval bo‘lmasligi. Ikki imom: “Imom “Allohu akbar”ning “r”sini aytganida, iqtido qiluvchi takbir aytishni boshlaydi”deganlar. Iqtido qiluvchi “Alloh” lafzini imomdan keyin, lekin “akbar” lafzini imom “akbar” deyishidan avval tugatsa, imomga iqtido qilgan bo‘lmaydi. Ya’ni imomga iqtido qila turib, imomdan avval namozga kirgan bo‘ladi. Bunday bo‘lishi muqtadiyning namozini durust bo‘lishidan to‘sadi. Aksar holatlarda iqtido qiluvchilar qo‘llarini ko‘tarib, takbir aytishga shay turadilar. Imom esa ovozini cho‘zib “Allohu akbar” degunicha muqtadiy tezdan “Allohu akbar”ni aytib, imomdan oldin qo‘lini bog‘lab, namozga kirib olgan bo‘ladi. Chunki u imom kabi takbirni cho‘zib aytmaydi. Bunday holatda uning iqtidosi joiz emas va namozini qayta o‘qishi vojib bo‘ladi.

Manba: Fiqh.uz 09 Fevral 2016 Namoz.

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*