Bosh sahifa » telegram » Baraka so‘rab duo qilishning sababi

Baraka so‘rab duo qilishning sababi

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

و بارك لي في رزقي

“Ey, Allohim! Mening rizqimda baraka ato qil”, deb duo qilganlar.

O‘ylash lozimki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam, “Ey, Allohim! Juda ko‘p rizq ato qil, mening molimni ko‘paytirib ber”, deb duo qilmadilar. Balki, “Ey, Allohim! Mening rizqimda baraka ato qil”, deb duo qildilar.

Agar Alloh taolo baraka ato qilsa, oddiy ishchining ozgina maoshida ham barakalar ato qiladiki, o‘sha maoshi sababli unga orom va xotirjamlik nasib bo‘ladi. Agar Alloh taolo barakani ko‘tarib yuborsa, u holda millioner va milliarder inson uchun ham mol-mulki rohatga sabab bo‘lish o‘rniga azobga sabab bo‘ladi. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan so‘raydigan narsa sanoqning ko‘pligi emas, so‘raydigan narsa “baraka” ekanligini bayon qildilar.

Hakimul ummat Hazrat Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh bir ibratli voqyeani aytadilar: Lakhnau shahrining bir juda katta hukmdori bo‘lib, u juda badavlat va mulkdor edi. Uning saroylari va qal’alari bor edi. Xodimlar va xizmatkorlari bor edi. Turli xil ne’matlar muhayyo edi. Lekin ushbu hukmdorning oshqozonida shunday bir dard bor ediki, shu sababdan uning tabibi, “endi sizning taomingiz butun umr faqat bir narsa bo‘la oladi. Echkining yarmi olinib, toza dokaga solinsin va suvi chiqarib olinsin. Ana o‘sha qiymaning suvi sizning taomingiz bo‘ladi. Bundan boshqa biror narsa yeyishingiz mumkin bo‘lmaydi”, dedi.

Endi, uyda turli-tuman taomlar pishyapti. Meva-chevalar mavjud. Dunyo to‘la ne’matlar mavjud. Lekin hukmdorga faqat qiymaning suvi nasib xolos, boshqa narsa emas.

Bir kuni o‘sha hukmdor Gumti daryosining sohilidagi saroyida o‘tirib, daryoga qarab turgan edi. Shu payt ko‘rdiki, daryoning sohiliga yirtiq va eski kiyim kiygan bir ishchi keldi. Tush payti edi. U bir daraxtning soyasiga o‘tirdi. Keyin tugunini ochib ichidan ikki katta bo‘lak non va piyoz chiqarib oldi. Keyin o‘sha nonlarni piyozga qo‘shib ishtaha bilan yedi. Keyin daryodan suv ichdi va o‘sha daraxtning ostida uxladi.

Hukmdor tepadan bu holatni kuzatib turgan edi. Shunda u: “Bu barcha mol-davlat, bu dang‘illama uy-joy, hamma hammasini Alloh ta’olo mendan olsin. Evaziga mana shu ishchiga nasib bo‘lgan orom va xotirjam uyqu menga nasib bo‘lsin. Men shunga roziman”, dedi.

Chunki, unda mol-davlat bor ediku, lekin baraka yo‘q edi.

Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh

Abdulqayyum Komil tarjimasi

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*