Bosh sahifa » telegram » Hasad – yaxshiliklar kushandasi

Hasad – yaxshiliklar kushandasi

Amerikaliklarda ajoyib bir ibora bor: «Crab bucket theory» – «Qisqichbaqalar solingan chelak nazariyasi».

Aniqlanishicha, agar chelakda bitta qisqichbaqa bo‘lsa, u osongina erkinlikka chiqa oladi. Agar ular 5-6 ta bo‘lsa, harchand urinmasin, hech qaysisi chiqa olmaydi. Negaki ulardan har biri yuqoriga ko‘tarilayotgan qavmdoshini tortib, o‘zi chiqishga urinar ekan. Xullas, «chelakdagi qisqichbaqa» iborasidan kelib chiqadigan mantiq odamlarga ham xos. Bu illat dinimizda “hasadgo‘ylik” deyiladi.

Ulamolarimiz hasadga sabab bo‘ladigan omillarni o‘rganib chiqib, mazkur sabablar 6 ta ekanini ta’kidlaganlar:

  1. Dushmanlik va yomon ko‘rish.

Agar dushmaniga ne’mat yetsa xafa bo‘ladi, mabodo yomonlik yetsa xursand bo‘ladi va unga yetayotgan har bir omadsizlikni menga qilgan yomonliklari uchun jazolanyapti deb, Allohning sinovi ekanini yodidan chiqaradi.

  1. Ko‘ra olmaslik.

Biror odamlarga omad kulib boqsa, nima uchun menga yetmay unga kelishi kerak deb Allohning xohlagan bandasiga ne’mat berish sifatini inkor qiladi. Bu esa Allohga nisbatan bandaning yomon nisbati bo‘lib gunohkor bo‘ladi.

  1. Kibr.

Mutakabbir kishi o‘zidan past sanalgan kishilarni doimo masxara qilib, yerga urib yurgan bo‘ladi. Shuning uchun, o‘zlaridan past odamlarga ne’mat, omad kelganiga chiday olmay, hasad qilishga o‘tadi.

  1. Maqsadida erisholmay qolishdan qo‘rqish.

Bu holat bir xil yo‘nalishli va bir xil maqsadga erishish uchun harakat qilayotgan shaxslar orasida ko‘p uchraydi.

  1. Mansabparastlik va shuhratparastlik.

Bunga ma’lum bir sohada o‘zining tengi yo‘q bo‘lishini orzu qilish misol bo‘ladi. Bu yo‘lda uning ro‘pasidan chiqqan har qanday kimsani yo‘q bo‘lishini istaydi, o‘rni kelganda unga zulm yetkazishdan ham tonmaydi.

  1. Har qanday kimsaga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan, tabiati buzuq shaxs hasadchi bo‘ladi.

O‘ziga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham ko‘rolmaydi.

Odamlar hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida o‘zgalarning bu kabi illatlari hamisha yo‘lga to‘g‘onoq bo‘laveradi. Odamlarning tabiati shunday, bunga qarshi hech narsa qila olmaysiz. Ammo o‘zingizga bo‘lgan ishonch shu chelakdan chiqishingizga yordam beradi. Siz irodali bo‘lib, oyog‘ingizdan tortayotgan qisqichbaqalarni yengib, chiqib keta olishingiz kerak.

Insonlar o‘rtasidagi hasad ham mana buning bir ko‘rinishidir. Siz yuqoriga chiqishga urinasiz, lekin kimdir sizni oyog‘ingiz tagida turgan narsani olib tashlaydi.

Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Modomiki, hasad qilishmasa, odamlar yaxshilikda bardavom bo‘ladilar”, dedilar. Demak, hasad qilishsa, oralaridan yaxshilik ko‘tarilib, u jamiyatning halokatga duchor bo‘lishi shubhasiz.

Yaratgan Robbimiz jamiyatimizda bir-birlarimizga nisbatan hasad qilish balosidan O‘zi asrasin.

Поделиться

Javob qoldirish

Электрон почтангиз чоп қилинмайди.Шарт қаторлар белгиланган *

*